Logo

Prezident JCHda ishtirok etgan futbolchilardan ayb qidirmaslikka chaqirdi

Shavkat Mirziyoyev vatan sharafini himoya qilgan jamoa a’zolariga «ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emasligini, aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim»ligini aytib o‘tdi.

Prezident JCHda ishtirok etgan futbolchilardan ayb qidirmaslikka chaqirdi © UFA

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tdi.

«Milliy jamoamizning AQSH va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u, bir jon bo‘lib, katta his-hayajon bilan kuzatib bordik. Futbolchilarimiz FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda ko‘plab futbolchilari Yevropaning yetakchi klublarida to‘p suradigan Kongo terma jamoalari bilan o‘tkazilgan o‘yinlar orqali o‘ziga tajriba orttirdi, mundial nafasini his qildi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi ilk gollarini kiritib, xalqimizga xursandchilik bag‘ishladi.

Milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi ishtiroki to‘g‘risida turli fikrlar bildirilmoqda.

Lekin Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim», – dedi Mirziyoyev.

Katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun futbolni rivojlantirishga yanada keng sharoitlar yaratilishi, bu sohaga investitsiya ko‘paytirilishi ta’kidlandi. Eng avvalo, bolalar futboliga e’tibor kuchaytirilib, mazkur sport umummilliy harakatga aylantiriladi.

2027 yilning yanvarida Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanadi.

«Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz!» – dedi Prezident.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etdi. Guruh bosqichining birinchi turida vakillarimiz Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu uchrashuvda Abbosbek Fayzullayev milliy terma jamoaning Jahon chempionatlari tarixidagi ilk golini kiritdi.

Ikkinchi turda Fabio Kannavaro shogirdlari Portugaliyaga 0:5 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchradi. Guruh bosqichining so‘nggi bahsida esa O‘zbekiston Kongo DRga qarshi maydonga tushdi va 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa milliy terma jamoa debyut mundialida guruh bosqichini ochko jamg‘arolmasdan yakunladi.

Теглар

Мавзуга оид