Logo

Prezident mahallalardagi sustkashlikni tanqid qildi: 152 nafar rahbar ishdan olingan

Videoselektor yig‘ilishida Prezident aholi bandligini ta’minlash, murojaatlar bilan ishlash va «Tashabbusli budjet» loyihalarini amalga oshirishdagi jiddiy kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi.

Prezident mahallalardagi sustkashlikni tanqid qildi: 152 nafar rahbar ishdan olingan © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda yangi boshqaruv muhitini shakllantirish va «mahalla yettiligi» faoliyatini tubdan takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda mahallalarda aholi bandligi, murojaatlar bilan ishlash, kambag‘allikni qisqartirish va mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yilda Xalq qabulxonalariga 87 ta mahallaning har biridan 200 tadan ortiq murojaat kelib tushgan. Prezident bu holatni ayrim mahalla raislari hududni rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqmayotgani, bo‘sh yerlar va binolardan iqtisodiy foydalanish imkoniyatlarini izlamayotgani bilan izohlagan.

Shuningdek, «Tashabbusli budjet» dasturi doirasida 7,5 trillion so‘m ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta ham loyiha g‘olib bo‘lmagani qayd etilgan.

Bandlikda kamchiliklar

Ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambag‘al oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayotgani aytilgan. Qorao‘zak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlari misolida bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, 960 ta ehtiyojmand oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham fuqaro doimiy ishga joylashtirilmagan.

152 rahbar ishdan olindi

Prezident mahallalarda ish samaradorligi past bo‘lgani uchun yil boshidan 152 nafar rahbar lavozimidan ozod etilganini bildirdi. Yana 700 nafar mas’ulga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan.

Yig‘ilishda soliq tushumlari, jinoyatchilikni qisqartirish va aholi muammolarini hal etish bo‘yicha ham mutasaddilarga savollar berilgan. Davlat rahbari mahalla odamlar uchun haqiqiy «ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi»ga aylanishi lozimligini ta’kidlagan.

Теглар

Мавзуга оид