Logo

Prezidentning uzoq yillik vakillari

Бугун 20:007 дақиқа

O‘zbekistonda hokim bo‘lish qiyinmi yoki hokim bo‘lib qolish? Har yili ayrim hokimlar ishdan olinadi, ayrimlari uzoq hududga yuboriladi. Ba’zilari esa bir tanqid, bir xato yoki bitta keskin yig‘ilishdan keyin kursisi bilan xayrlashadi. Lekin shunday amaldorlar ham borki, ular uchun hokimlik go‘yo vaqtinchalik lavozim emas. Ular bir hududdan boshqasiga o‘tadi, ammo hokimlik kursisi qo‘ldan ketmaydi.

Ayrimlari 10 yil, ayrimlari 20 yil, ba’zilari esa chorak asrdan buyon boshqaruv tizimining eng yuqori pog‘onalarida qolib kelmoqda. Bugun biz ana shunday hokimlar haqida gaplashamiz.

 Bu ularning oddiy tarjimai holi emas. Bu - qanday qilib ayrim amaldorlar o‘nlab yillar davomida hokimlik kursisini saqlab qolayotgani haqida. Xo‘sh, bu tajriba natijasimi, siyosiy ishonchmi yoki tizimning o‘ziga xos qoidalarimi?

Erkinjon Turdimov

Turdimov

Bilasizmi-yo‘qmi, O‘zbekistonda 5 yoki 10 yil emas, naq chorak asrdan beri ishlayotgan hokimlar bor. Bulardan biri - Samarqand hokimi sifatida ko‘p muhokama qilingan, hozirgi Sirdaryo hokimi Erkinjon Turdimov.

Turdimov ikki prezident - Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev davrida ham hokimlik lavozimlarini saqlab qolgan kam sonli amaldorlardan biri hisoblanadi. Bu esa markaziy hokimiyat tomonidan unga nisbatan ishonch yuqori bo‘lib kelganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, murakkab hududlarga yuborilishi va ketma-ket to‘rtta viloyatni boshqarishi uning tajribali menejer sifatida ko‘rilayotganidan darak beradi. 

U ijtimoiy tarmoqlarda ham tez-tez ko‘rinadi, ha deganda jurnalistlardan qochmaydi. Turdimov ko‘proq tungi reydlari, kutilmagan tekshiruvlari bilan tanilgan.

Erkinjon Turdimov chorak asrki, hokimlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan kam sonli mansabdorlardan biridir. U hokimlik faoliyatini 2000-2008 yillarda Navoiy viloyati Xatirchi tumanini boshqarishdan boshlagan.

2008–2018 yillarda Navoiy va Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida ishlagan. 2018–2024 yillarda esa Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyatini davom ettirgan.

U Samarqandga hokimlik davrida, ya’ni 2022-yili OAVda tez-tez muhokamalar markazida bo‘lib kelgan. Hokim jurnalist va blogerlar tomonidan taqdim etiladigan tanqidiy materiallarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilishi kerakligini aytib chiqqandi hamda asosli va tasdiqlangan faktlar uchun mukofot berilishi kerakligini ta’kidlagandi.

Xullas, Turdimovning keskin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonotlari uni OAVda doimiy muhokama qilinadigan hokimlardan biriga aylantirgan. Bu esa uning boshqaruv uslubi jamoatchilik e’tiborini muntazam jalb etib kelishini ko‘rsatadi.

Turdimov 2025-yili Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan va ko‘p vaqt o‘tmay hokim sifatida tasdiqlangan. Bu umumiy hisobda uning to‘rtinchi bor viloyat hokimi lavozimida ishlashi.

Agar Xatirchi tumanidagi 8 yillik boshqaruvini ham hisobga olsak, «hokimbuva» 25 yildan buyon hokimlik amalida qolmoqda.

Shuhratbek Abdurahmonov

Abdurahmonov

2013-yildan buyon bitta viloyatga rahbarlik qilib kelayotgan, kerak bo‘lganda Andijonning hokimi emas, xoni deyiladigan Shuhrat Abdurahmonovni tanimagan odam bo‘lmasa kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda eng mashhur hokimlardan biri aynan Andijon viloyati hokimi. U viloyat hokimligiga ikki muddatdan beri bosh bo‘lib kelmoqda. Aslida u ham ikki davrni ko‘rgan eskilardan hisoblanadi. 

Abdurahmonov 2004-yili Andijon viloyati Paxtaobod tumaniga hokim etib tayinlangan va 2011-yilgacha ushbu lavozimda faoliyat yuritgan. 2011–2013 yillarda u Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, 2013-yildan boshlab esa Andijon viloyati hokimi bo‘lib faoliyat olib bormoqda. Bu degani, u ham qariyb 20 yillik hokimlardan.

Shuhratbek Abdurahmonov deyarli har oyda ijtimoiy tarmoqlar yulduzi bo‘ladi desak, noto‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Uning ishtirokidagi tadbirda doim bir xodisa bo‘ladi, yoki hech bo‘lmaganda o‘sha tadbirga million emas milliarlar sarflangani o‘rtaga chiqadi.

Bundan tashqari kimnidir haqorat qilgani, kimlar bilandir ishqiy munosabati borligi haqidagi xabarlar ham bolalab turadi.

E-qaror portaliga kirganingizda ham Abduahmonov boshqalarga qaraganda eng ko‘p mablag‘ ajratgan hokimlardan ekanini ko‘rasiz.

Har qancha tanqidlar, tarqab ketgan video yoki audiolarga qaramay, Andijon hokimi joyidan siljimadi va ikki muddatdan beri viloyatga rahbarlik qilib kelmoqda.

Zoyir Mirzayev

image_2026-07-10_15-36-36

Bosh vazir o‘rinbosaridan oddiy tuman hokimligigacha tushib, oradan bir yil o‘tmay yana viloyat hokimi bo‘lgan amaldorni bilasizmi? Keyingi va uzoq yillik hokim bu — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev.

 U ham tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinadigan hokimlardan sanaladi. Mirzayev faoliyati davomida tuman, shahar va bir nechta viloyatlarga rahbarlik qilgan. Ko‘pchilik uni piarni yaxshi ko‘radigan, o‘zini yaxshi piar qila oladigan hokimlardan deb biladi. Sayyor qabullardan videolar e’lon qilish, xodimlarini tanqid qilishda Zoyir Mirzayevga yetadigani yo‘q.

U hokimlik faoliyatini 2003-yili Samarqand viloyati Jomboy tumanida boshlagan. 2008-2016 yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatiga hokimlik qilgan.

2016-yili Shavkat Mirziyoyev tomonidan hukumatga jalb etilib, Bosh vazir o‘rinbosari va Qishloq hamda suv xo‘jaligi vaziri etib tayinlangan.

Biroq u 2018-yili sug‘orish va g‘alla ekish ishlaridagi jiddiy kamchiliklar, shuningdek, fermerlar va mahalliy amaldorlar bilan bog‘liq shov-shuvli «ariq voqeasi» ortidan lavozimidan ozod etilgan va Bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi etib tayinlangan.

Рисuнок4

Ammo bu uning siyosiy faoliyatidagi yakun bo‘lmadi. Oradan bir yil ham o‘tmay, 2019-yili Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimiga ko‘tarildi. 2021-yildan buyon esa Toshkent viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Toshkent viloyatiga hokim bo‘lganidan keyin ham e’tibor markazidan qolmagan Mirzayev OAV bilan ochiq bo‘lishga, qilgan ishlarini ko‘rsatishga urinadi. Shunday bo‘lsa-da, tajribali hokim hamon vaqt-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlar nishoniga tushib turadi. Masalan, uning ayollar tandirda non yopmay qo‘ygani haqidagi fikrlari jamoatchilikda uzoq vaqt qizg‘in muhokama qilindi.

Shunday qilib, Zoyir Mirzayev 2003-yildan buyon, ya’ni qariyb 22 yildirki, hokimlik tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Bosh vazir o‘rinbosarligidan tuman hokimligigacha tushganiga qaramay, yana viloyat hokimi darajasiga qayta oldi va bugun O‘zbekistondagi eng tajribali hokimlardan biri sanaladi.

Xayrullo Bozorov faoliyati

Рисuнок5

Ko‘p yillik hokimlar ro‘yxatida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ham bor va u tamoman boshqa qiyofada namoyon bo‘ladi. Anchagina «bosiq» rahbarlardan biri hisoblanadigan Bozorov uzoq yillar Namanganni, hozir esa Farg‘onani boshqarmoqda.

Xayrullo Bozorov haqida negativ video yoki xabarlar doim ham ommaga yoyilmaydi. U qanday hokim ekaniga, albatta, farg‘onaliklar baho bergani yaxshi.

Xayrullo Bozorov — tuman hokimligidan boshlab viloyat darajasigacha bosqichma-bosqich ko‘tarilgan, uzoq yillik boshqaruv tajribasiga ega rahbarlardan biri hisoblanadi. U o‘zini imkoni qadar ko‘zdan nari tutadigan, sokin boshqaruvni afzal ko‘radigan rahbardir.

Bozorov 2008–2015 yillarda Namangan viloyatida Uchqo‘rg‘on, Chust va Mingbuloq tumanlarida hokim sifatida ishlagan.

2015–2020 yillarda Namangan viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 2020-yildan hozirga qadar esa Farg‘ona viloyati hokimi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Xayrullo Bozorov Namangan viloyati hokimi bo‘lgan davrda, Alisher Usmonov viloyatda bir nechta yirik ijtimoiy va biznes loyihalarni boshlagan. Xususan, Namangan shahrini obod qilish, chekka qishloqlarni rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratilgani hamda investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgani haqida rasmiy xabarlar e’lon qilingan.

Yuqorida aytganimizdek, Xayrullo Bozorov ijtimoiy tarmoqlarda trendda yuradigan hokimlardan emas.

Uning atrofidagi gap-so‘zlarni eslaganda, faqatgina 2021-yili «Farg‘ona viloyati hokimi tadbirkordan 400 ming dollar pora olgani aytilmoqda», deb ayrim OAVlarda e’lon qilingan xabarlarni aytish mumkin. Ammo o‘sha vaqtda bu holatga Adliya vazirligi munosabat bildirgan va yuqoridagi gaplar asossiz ekanini ma’lum qilgan.

Shunday qilib, Xayrullo Bozorov qariyb 18 yil davomida tuman va viloyat darajasidagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Bugun u O‘zbekistondagi eng uzoq muddat ishlayotgan hokimlardan biri sanaladi.

 

Shavkatjon Abdurazzoqov faoliyati

image_2026-07-10_15-43-47

Konteynerda yashashga va’da bergan hokimni eslaysizmi? Bu — Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov. U ayni paytda viloyatni ikkinchi muddat boshqarib kelmoqda. U ko‘pchilikka amaliy va noodatiy qarorlari bilan tanilgan bo‘lib, so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi eng uzoq muddat ishlayotgan viloyat hokimlaridan biriga aylandi.

Uning rahbarlik faoliyati 2015-yili Namangan tumani hokimi sifatida boshlangan. 2017-yili Vazirlar Mahkamasida qisqa muddat departament mudiri, 2017–2020 yillarda Namangan shahri hokimi va 2020-yildan buyon Namangan viloyati hokimi etib tayinlangan hamda hozirga qadar salkam 6 yildan buyon hokimlik kursisini qo‘ldan boy bermay kelmoqda.

U vaqt-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lib tursa-da, faoliyati atrofida boshqa ayrim hokimlardagi kabi yirik mojarolar deyarli kuzatilmagan.

2021-yili Prezident Namanganning «Bunyodkor» mahallasidagi loy va xarobalikni ko‘rib, barcha mas’ullarni tanqid ostiga olgani, o‘shanda viloyatga hokim bo‘lganiga ko‘p bo‘lmagan Abdurazzoqov Prezident tanqididan so‘ng o‘sha mahallaga borib, jamoatchilik ko‘z o‘ngida juda noodatiy qaror qabul qilgan.

«Men shu mahallaga temir konteyner o‘rnatib, o‘zim shu yerda yashayman. Har kuni ertalab ko‘chalarni aylanaman, ishlar qanday ketayotganini shaxsan nazorat qilaman. Toki bu mahallaning sharoiti yaxshilanmaguncha, men shu konteynerda qolaman», — degan edi u.

Bu voqea tarmoqlarda «Hokim konteynerda yashamoqda» degan sarlavhalar bilan juda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Garchi ko‘pchilik buni shunchaki «ko‘zbo‘yamachilik» yoki «PR» deb atagan bo‘lsa-da, yakunda ushbu mahalla qisqa muddatda obod qilingan va hokimning bu yurishi uning jamoatchilik ko‘zida ijobiy ochilishiga xizmat qilgan edi.

Hokimlar faoliyati va bu borada mutaxassislar fikrini «Vaqt.uz»ning YouTube sahifasida tomosha qiling.

Теглар

Нозима Қаршибоева

Нозима ҚаршибоеваМақолалар сони: 56

Барчаси

Мавзуга оид