Qirg‘iziston iqtisodiyoti 10,1 foizga o‘sdi

Бугун 11:592 дақиқа

2026-yilning birinchi choragida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 428 mlrd somdan oshdi.

Qirg‘iziston iqtisodiyoti 10,1 foizga o‘sdi © akchabar.kg

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Adilbek Kasimaliyev bugun, 20-aprel kuni apparat yig‘ilishi o‘tkazib, 2026-yil birinchi choragi uchun mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarini taqdim etdi. U YAIM 10,1 foizga o‘sganini qayd etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar-mart oylarida yalpi ichki mahsulot hajmi 428,6 mlrd somni (taxminan 4 mlrd 894 mln dollarni) tashkil etgan.

Iqtisodiyot yo‘nalishlari

Iqtisodiy o‘sish barcha asosiy tarmoqlarni qamrab oldi. Eng yuqori o‘sish qurilish sohasida (+29,6 foiz) va sanoatda (+14 foiz) kuzatildi. Xizmatlar sohasi 7,7 foiz, qishloq xo‘jaligi esa 2,8 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. Sanoatda kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish 3,1 barobarga, farmatsevtika 1,6 barobarga oshgan. Transport vositalari ishlab chiqarish 49,5 foiz, foydali qazilmalar qazib olish 30,4 foiz, qurilish materiallari ishlab chiqarish esa 39,7 foizga ko‘paygan. Shuningdek, oziq-ovqat sanoati (+17,9 foiz) va metallurgiya (+10,5 foiz) ham barqaror o‘sishni saqlab qolgan.

Uch oy davomida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 77,3 mlrd somga yetdi va 25,5 foizga o‘sdi. Bu ko‘rsatkich ichki manbalar (1,2 barobar) va tashqi moliyalashtirish (1,5 barobar) hisobiga oshgan.

Yig‘ilish davomida Adilbek Kasimaliyev Vashingtonga amalga oshirgan ishchi tashrifi yakunlarini ham sarhisob qildi va xalqaro korporatsiyalar bilan erishilgan kelishuvlar ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, u mutasaddi idoralarga budjet ijrosini to‘liq ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligini saqlash maqsadida bahorgi dala ishlari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Теглар

Мавзуга оид