Logo

Qirg‘iziston yoqilg‘i-moylash materiallari bo‘yicha O‘zbekistonga so‘rov yubordi

Shu bilan birga, Bishkek tashqi xavflar va yoqilg‘i bozorlaridagi keskin vaziyatga qaramay, yoqilg‘i-moylash materiallari zaxirasining yetarli ekanini aytyapti.

Qirg‘iziston yoqilg‘i-moylash materiallari bo‘yicha O‘zbekistonga so‘rov yubordi © vesti.az

Qirg‘iziston yoqilg‘i-moylash materiallari yetkazib berish bo‘yicha oltita davlatga murojaat qildi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Bu haqda «Economist.kg» xabar berdi.

Qirg‘iziston tashqi xavflar va yoqilg‘i bozorlaridagi keskin vaziyatga qaramay, yoqilg‘i-moylash materiallari zaxirasining yetarli ekanini aytyapti. Nashrning yozishicha, davlat idoralari yoqilg‘i zaxiralari, ta’minoti va narxlarini har kuni kuzatib boradi. Rasmiylar, shuningdek, ichki bozorni uzluksiz ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda.

Energetika vazirligi Qirg‘iziston neft mahsulotlarining asosiy qismini import qilishini ta’kidladi. Shuning uchun ichki bozorga global neft narxlari, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklar va xalqaro logistikadagi xavflar ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston qo‘shimcha ta’minot kanallarini faol ravishda izlay boshladi.

Qozog‘iston, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmaniston davlat idoralariga rasmiy so‘rovlar yuborildi. Import geografiyasini kengaytirish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Shu bilan birga, rasmiylar neft mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirishga e’tibor qaratmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Erlist Akunbekov va energetika vaziri Altinbek Risbekov «Qirg‘izneftgaz»ga bordi va u yerda ichki bozor ta’minotini muhokama qildi. Ikki mulozim u yerda barqaror yoqilg‘i ta’minotini ta’minlash choralarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Sadir Japarovning maxsus vakili Baqit Torobayev ham «Junda» neftni qayta ishlash zavodiga bordi. Zavod rahbariyatiga benzin va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishni tavsiya qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq neft giganti bo‘lgan Rossiya yoqilg‘isiz qolayotgani haqida yozgan edik. Ukraina hujumlari ortidan neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati izdan chiqqani sababli benzin va dizel ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид