Logo

Qishga tayyorgarlik: 120 ming tonna benzin zaxirasi yaratiladi

Бугун 19:382 дақиқа

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026–2027 yillar kuz-qish mavsumida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan ta’minlash bo‘yicha rejalar taqdim etildi.

Qishga tayyorgarlik: 120 ming tonna benzin zaxirasi yaratiladi © Foto: president.uz

Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmog‘ining navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari haqidagi axborot bilan tanishdi. Unda aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilarga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, gaz tarmoqlarini ta’mirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalari tayyorligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Rejaga ko‘ra, mavsumga qadar magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismi almashtiriladi. Shuningdek, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregati mukammal ta’mirdan chiqariladi.

Gaz tizimi yangilanadi

Gaz ta’minotidagi yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida 881 ta mahalladagi 220 ming xonadon uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, 711,9 kilometr gaz tarmog‘i va 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanadi hamda rekonstruksiya qilinadi.

Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy obyektlarga 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming iste’molchi uchun 8,2 ming tonna gaz ajratiladi.

Energiya zaxirasi tayyorlanadi

Qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish ishlari ham boshlangan. Dekabr-yanvar oylariga 120 ming tonna avtobenzin zaxirasi yaratish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4 million 161 ming tonna ko‘mir yetkazib berish prognoz qilingan.

«O‘zbekneftgaz» tizimidagi korxonalarda esa 90 ta texnologik qurilma ta’mirlanadi.

Prezident mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini o‘z vaqtida yakunlash va aholiga energiya resurslarini barqaror yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Теглар

Мавзуга оид