Logo

Qozog‘iston tengesi Yevropa va Osiyoda eng kuchli valutaga aylandi

2026-yil boshidan beri tenge AQSH dollariga nisbatan 9,7 foizga mustahkamlandi. Jahon miqyosida u faqat Lotin Amerikasi va Afrikadagi ayrim valutalardan ortda qoldi.

Qozog‘iston tengesi Yevropa va Osiyoda eng kuchli valutaga aylandi © shutterstock.com

Qozog‘iston tengesi 2026-yilda Yevropa va Osiyodagi eng yaxshi natija ko‘rsatgan valutaga aylandi. «Financial Times»ning yozishicha, xalqaro investorlarning mamlakat ichki qarziga qiziqishi tengening AQSH dollariga nisbatan 9,7 foizga qimmatlashishiga olib kelgan.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Qozog‘istondagi yuqori foiz stavkalari xorijiy investorlarni jalb qilmoqda. Iyun oyi holatiga ko‘ra, ular qo‘lidagi tengeda nominallashtirilgan davlat obligatsiyalari hajmi 5 milliard dollarga yetdi. Bu bir yil avvalgi 2 milliard dollarga yaqin ko‘rsatkichdan ikki barobardan ko‘proqdir.

«LGT Capital Partners» vakili Jetro Siyekkinenning aytishicha, Qozog‘iston obligatsiyalarini sotib olish va savdo qilish jarayonlarining soddalashishi ham investorlar qiziqishini oshirgan.

Kapital oqimi kuchaydi

Qozog‘iston Markaziy banki iyul oyida asosiy stavkani 16,75 foizgacha pasaytirdi. Bu so‘nggi ikki oy ichidagi ikkinchi pasaytirish bo‘ldi. Bundan oldin asosiy stavka 18 foizgacha ko‘tarilgan edi.

Shu bilan birga, yillik inflatsiya 2025 yil sentabridagi qariyb 13 foizdan 2026 yil iyunida taxminan 10 foizgacha pasaydi. Foiz stavkalarining yuqoriligi Qozog‘iston obligatsiyalarini xalqaro investorlar uchun jozibadorligicha saqlab qolmoqda.

«ING» bosh iqtisodchisi Dmitriy Dolginning fikricha, tengening bu yilgi mustahkamlanishi savdo oqimlaridan ko‘ra kapital oqimi bilan ko‘proq bog‘liq. Aprel oyida Qozog‘iston ichki davlat obligatsiyalarini «Yevroklir» xalqaro kliring tizimiga ulash rejasini e’lon qilgach, mamlakatga investitsiyalar oqimi yanada tezlashdi.

Yangi investorlar oqimi


Qozog‘iston ayrim investorlar uchun Rossiyaga muqobil energiya ishlab chiqaruvchi davlat sifatida ham ko‘rilmoqda. Mamlakat investitsiyaviy kredit reytingiga ega bo‘lib, yuqori daromad taklif qilsa-da, kredit reytingi past bo‘lgan bozorlarga qaraganda barqarorroq variant hisoblanadi.

Birinchi chorakda Qozog‘istonga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 6,3 milliard dollarga yetdi. Hukumat neftdan tashqari daromad manbalarini kengaytirish uchun mamlakatni Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi muhim tranzit markaziga aylantirishga harakat qilmoqda.

Avgust oyida mamlakat «Nvidia» va «Firebirds» bilan 10 milliard dollarlik kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, Qozog‘istonda data-markazlar quriladi.

Tahlilchilar fikricha, Xitoy va Rossiya o‘rtasida joylashgan Qozog‘iston iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash uchun xorijiy kapital manbalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид