Rasman: O‘zbekiston MTJning AQSHga boradigan tarkibi e’lon qilindi

Кеча 23:392 дақиқа

Kannavaro jamoasi 1-iyun kuni Kanada bilan, 8-iyun sanasida esa Niderlandiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.

Rasman: O‘zbekiston MTJning AQSHga boradigan tarkibi e’lon qilindi © UFA

O‘zbekiston milliy terma jamoasining AQSHga jo‘nab ketadigan 30 kishilik kengaytirilgan tarkibi ma’lum qilindi.

Bosh murabbiy Fabio Kannavaro tomonidan mazkur yig‘inga jalb etilgan futbolchilarning kengaytirilgan ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish olgan:

Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”), Vladimir Nazarov (“Paxtakor”)

Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (“OKMK”), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (“Sabah”, Ozarbayjon)

Hujumchilar: Abbosbek Fayzullayev (“Bashakshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Omonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Bashakshehir”, Turkiya)

Yig‘inda ishtirok etgan Muhammadrasul Abdumajidov, Diyor Ortiqboyev, Quvondiq Ro‘ziyev, Nodir Abdurazzoqov, Alisher Odilov, Sardor Bahromov, Husayn Norchayev va Muhammadqodir Hamraliyev mundialni o‘tkazib yuboradi.

“Manchester Siti” futbolchisi Abduqodir Husanov AQSHda jamoa yig‘iniga qo‘shiladi.

O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun 26-may kuni Toshkent – Nyu York yo‘nalishida uchib ketadi. Kannavaro jamoasi 1-iyun kuni Kanada bilan, 8-iyun sanasida esa Niderlandiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 26 futbolchidan iborat tarkib mundial oldidan e’lon qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida, bosh murabbiy Fabio Kannavaro ushbu o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga 40 nafar futbolchini jalb etgan. Bu yig‘in yakunida murabbiylar shtabi AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan Jahon chempionatida qatnashadigan yakuniy tarkibni saralab oladi.

MTJ Jahon chempionatidagi ilk o‘yinini Meksikada o‘tkazadi, qolgan ikki uchrashuv esa AQSHdagi stadionlarda bo‘lib o‘tadi. “Oq bo‘rilar” 18-iyun kuni birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi.

Jamoa ikkinchi tur doirasida 23-iyun kuni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan o‘ynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi “Xyuston” stadionida o‘tkazilishi belgilangan. Guruhdagi so‘nggi uchrashuv 28-iyun kuni “Atlanta” stadionida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Теглар

Мавзуга оид