Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati tugatiladi — Prezident

Бугун 15:272 дақиқа

Ijodiy erkinlik va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati tugatilishi ma’lum qilindi.

Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati tugatiladi — Prezident © Prezident matbuot xizmati

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvda Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar haligacha eskicha boshqaruv va samarasiz nazorat tizimidan voz kecha olmayotganini qayd etdi.

Shu bois kino sohasida ijodiy erkinlik va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida ushbu komissiya va kengashlar faoliyati butunlay tugatiladi.

Ularning o‘rniga kinoning har bir janri va mavzusidan kelib chiqqan holda tegishli soha mutaxassislaridan iborat haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil etiladi. Ekspertlar tarkibi Kinoarboblari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi va Bastakorlar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan mutaxassislar hisobidan shakllantiriladi.

Kino yaratishga imtiyozlar

Joriy yilning 1-sentabridan davlat buyurtmasi asosida kino yaratishda targ‘ibot va reklama xarajatlari uchun film budjeti mablag‘larining 30 foizigacha qismi ajratiladi. Shuningdek, xarid shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinadi.
Xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulotlari yaratish bilan bog‘liq faoliyati ham soliqlardan ozod etiladi.

Ijodkorlarga qo‘shimcha rag‘bat

Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘larning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhlarga qo‘shimcha rag‘bat sifatida beriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan «Oltin Humo» milliy kino taqdimotining nufuzini oshirish maqsadida har yili 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Mazkur choralar mahalliy kino ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va sohada raqobatni kuchaytirishga qaratilgan.

Теглар

Мавзуга оид