Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
Tomonlar strategik sheriklik, savdo-iqtisodiy hamkorlik va qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
© Foto: president.uzBugun, 14-oktabr kuni Baku shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida davlat rahbari Ozarboyjon yetakchisini Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashga raisligi muvaffaqiyatli kechayotgani hamda uning yettinchi sammiti yuqori saviyada tashkil etilgani bilan samimiy tabriklagan.
Shu yilning avgust oyida Ozarboyjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish orqali O‘zbekiston – Ozarboyjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Barcha darajalarda samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshgan. Geologiya, energetika, qurilish, transport, logistika, yengil sanoat, turizm va boshqa sohalardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgan.
Madaniy-gumanitar almashinuvning tadbirlarga boy dasturi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Ozarboyjon yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qilgan.





