Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarga qanaqa kinolar kerakligini aytdi

Prezident san’at va madaniyat sohasida milliy ruh masalasiga alohida to‘xtaldi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarga qanaqa kinolar kerakligini aytdi © Foto: president.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvda mamlakatga qanday kino va san’at kerakligi haqida fikr bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari milliy ruh va g‘oyaning ijodiy asarlarda yetarlicha aks etmayotganiga e’tibor qaratdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, jamiyat taraqqiyotida san’at va madaniyatning o‘rni beqiyos hisoblanadi. Biroq ayrim hollarda milliy ruhning yetishmasligi sezilmoqda.

«Sahna asarlari bor, lekin kuchli ta’siri yo‘q. Qo‘shiqda ovoz bor, lekin xalqning o‘tkir nafasi sezilmayapti. Kinoda harakat bor, lekin xalqning dardi, g‘ururi va xarakteri ko‘rinmayapti. Ba’zi asarlarda shakl bor, lekin katta g‘oya yo‘q», — dedi Prezident.

Davlat rahbari milliy o‘zlik va ruhiyatni ifoda etishda ijod va san’atdan ko‘ra ta’sirchanroq vosita yo‘qligini ta’kidladi.

Milliy ruhga chaqiriq

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatga milliy ruhni uyg‘otadigan san’at, xalqni ilhomlantiradigan adabiyot va yoshlarga faxr hamda iftixor bag‘ishlaydigan kino kerak.

Prezident xalq qalbida Vatanga muhabbat va millatga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlaydigan asarlar yaratish zarurligini ta’kidladi.

«Shu bois, har yili mazkur yo‘nalishda ham tanlovlar o‘tkazib boriladi. Gran-pri sohiblarining ijodini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratiladi», - deyiladi xabarda.

Теглар

Мавзуга оид