Logo

Soliq qo‘mitasi biznes uchun sun’iy intellekt auditini ishga tushirdi

Bu orqali tadbirkorlar soliq to‘lovlari va hisobotlar holatini tekshirib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar olishi mumkin.

Soliq qo‘mitasi biznes uchun sun’iy intellekt auditini ishga tushirdi © govuz

Soliq qo‘mitasi korxonalarning soliq majburiyatlarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qiluvchi «Ekspress-audit» modulini ishga tushirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Xizmat tadbirkorlarga soliq sohasidagi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar olish imkonini beradi.

Yangi modul tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan «AI Soliq» platformasida joylashtirilgan. U korxona haqidagi asosiy ma’lumotlarni, jumladan, qo‘llanilayotgan soliq rejimi va barqarorlik reytingidagi bahosini ko‘rsatadi.

Ekspress-audit orqali soliq hisobotlarining o‘z vaqtida topshirilgani, soliqlar to‘langani va qarzdorlik mavjudligi tekshiriladi.

Shuningdek, tizim aniqlangan kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Bu tadbirkorlarga soliq majburiyatlarini nazorat qilish va mavjud muammolarni ertaroq aniqlashda yordam berishi mumkin.

Modul nimalarni aniqlaydi?

Ekspress-audit ikki asosiy bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘lim — «Soliq majburiyatlari» — korxonaning soliq hisobotlari, to‘lovlari va qarzdorligi haqidagi ma’lumotlarni jamlaydi. Bu orqali tadbirkor soliq majburiyatlarining bajarilish holatini ko‘rishi mumkin.

Ikkinchi bo‘lim — «Kamchiliklar va tavsiyalar» — aniqlangan muammolarni ko‘rsatadi. Ular qatoriga bank hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilgani, soliq majburiyatlari bilan amalga oshirilgan to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutlar va boshqa kamchiliklar kiradi.

Tahlilni boshlash uchun ekspress-audit panelidagi «Boshlash» tugmasini bosish kerak. Shundan so‘ng tizim chat shaklida asosiy muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi.

Tadbirkor muayyan yo‘nalishni tanlab, alohida tahlil ham o‘tkazishi mumkin. Masalan, soliq qarzi mavjud bo‘lsa, uning miqdori soliq turlari va to‘lanmaganlik uchun hisoblangan penyalar kesimida jadvalda aks ettiriladi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Modulda tahlil davri va summalarni hisoblash valutasini tanlash imkoniyati mavjud. Foydalanuvchilar chatbotga matn shaklida savol berishi yoki ovozli so‘rov yuborishi mumkin.

Tizim shrift o‘lchamini o‘zgartirish va javoblarni avtomatik ravishda ovoz chiqarib o‘qish funksiyalarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, avvalgi so‘rovlar saqlanadi va ularga qayta murojaat qilish mumkin.

Yangi xizmat tadbirkorlarga soliq hisob-kitoblaridagi tafovutlar va qarzdorlikni aniqlashni yengillashtirishga qaratilgan. Biroq modul taqdim etadigan tavsiyalar soliq majburiyatlarini bajarish zaruratini bekor qilmaydi. Korxonalar soliq hisobotlari va to‘lovlarining to‘g‘riligini nazorat qilishi lozim.

Теглар

Мавзуга оид