Logo

«Surunkali qadrsizlanishga sabab ko‘rinmayapti»: so‘m nega zaiflashmoqda?

So‘nggi 9 ta savdo sessiyasida so‘m dollarga nisbatan 2 foizga qadrsizlandi. Dollar kursi 31-iyuldan buyongi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Xo‘sh, so‘m nega zaiflashmoqda va bu jarayon davom etadimi?

«Surunkali qadrsizlanishga sabab ko‘rinmayapti»: so‘m nega zaiflashmoqda? © Ijtimoiy tarmoqlar

So‘nggi to‘qqizta savdo sessiyasi davomida so‘m dollarga nisbatan 2 foizga qadrsizlandi. Bu davrda AQSH dollarining rasmiy kursi 31-iyuldan buyon eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Yil boshidan buyon hisoblaganda esa so‘m avval erishgan barcha mustahkamlanishini yo‘qotdi.

Iqtisodchi Mikromil Xolboyevning tahliliga ko‘ra, so‘mning qadrsizlanishiga nafaqat global miqyosda dollar mustahkamlanishi, balki ichki valuta bozoridagi boshqa omillar ham ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Dollar global miqyosda mustahkamlanmoqda

1


Iqtisodchining ta’kidlashicha, oktabr oyida aksariyat valutalar dollarga nisbatan qadrsizlangan. Xususan, tahlil uchun tanlab olingan 39 ta valutaning 26 tasi dollarga nisbatan zaiflashgan, faqat 8 tasi esa mustahkamlangan.

2


Shu ma’noda, so‘mning qadrsizlanishi global tendensiyadan tashqaridagi holat emas. Biroq u dollarga nisbatan eng ko‘p qadrsizlangan valutalar qatorida bo‘lib, bu jarayonga boshqa omillar ham ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Xolboyev dollar mustahkamlanishini AQSHdagi pul-kredit siyosati bilan bog‘laydi. Uning fikricha, Federal zaxira tizimining foiz stavkasini oshirishiga doir kutilmalar va inflatsiyaning tezlashishi dollarga bo‘lgan talabni kuchaytirishi mumkin.

So‘m qadrsizlanishiga yana qanday omillar ta’sir qilishi mumkin?

Iqtisodchi hozircha aniq ma’lumotlar mavjud bo‘lmagani sababli so‘mning qadrsizlanishiga olib kelayotgan ayrim ehtimoliy omillarni ilgari surdi.

Birinchidan, bir martalik qarz to‘lovlari. Uchinchi chorak yakunida hukumat yoki xususiy sektorning qarz majburiyatlari bo‘yicha yirik to‘lovlar amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Bu valutaga bo‘lgan qisqa muddatli talabni oshirib, kursga bosim o‘tkazishi ehtimoldan xoli emas.

Ikkinchidan, real valuta kursining o‘zgarishi. Xolboyevning qayd etishicha, may oyidan boshlab so‘mning real kursi mustahkamlana boshlagan. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligiga ta’sir qilishi mumkin.

Iqtisodchining taxminiga ko‘ra, Markaziy bank ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligiga salbiy ta’sirni cheklash maqsadida valuta intervensiyalari orqali bozorga ta’sir ko‘rsatishni kechiktirayotgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, joriy yilda oltin eksportining o‘tgan yilga nisbatan sezilarli kamayishi Markaziy bankning valuta orqali sterilizatsiya qilish imkoniyatlariga ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, pul o‘tkazmalarining mavsumiy pasayishi. Yoz mavsumi tugashi bilan xorijdan O‘zbekistonga yuboriladigan pul o‘tkazmalari oqimi mo‘’tadillashishi mumkin. Bu valuta taklifiga ta’sir qilib, so‘mning qadrsizlanishini tezlashtiruvchi qo‘shimcha omil bo‘lishi ehtimol.

Qayd etish kerakki, bular iqtisodchi ilgari surgan ehtimoliy izohlar bo‘lib, ularning so‘m kursiga ta’siri hozircha aniq ma’lumotlar bilan tasdiqlanmagan.

So‘mning keskin qadrsizlanishi kutilmayapti

Xolboyevning fikricha, moslashuvchan valuta kursining asosiy xususiyati ichki va tashqi iqtisodiy o‘zgarishlarga moslashishidir. Import talabi oshishi yoki pul o‘tkazmalari sekinlashishi kabi jarayonlar kursda aks etsa, buning o‘zi salbiy hodisa hisoblanmaydi.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, Markaziy bank nominal valuta kursini muayyan darajada ushlab turishni maqsad qilmaydi. Shu sababli so‘mning tashqi va ichki omillarga qarab o‘zgarishi moslashuvchan kurs mexanizmining bir qismi hisoblanadi.

«Nominal kursning keskin qadrsizlanishi bo‘yicha esa menda qandaydir kutilmalar hozircha mavjud emas. Ya’ni so‘mning surunkali qadrsizlanishiga sabab hozircha ko‘rinmayapti», — deb yozadi iqtisodchi.

U bu fikrini eksport va investitsiyalar faol o‘sib borayotgani bilan izohlaydi. Xulosa qilib aytganda, so‘mning so‘nggi kunlardagi zaiflashuvi global dollar dinamikasi bilan birga ichki valuta talabi va taklifiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq ehtimoliy omillarning qay biri asosiy rol o‘ynayotganini aniqlash uchun qo‘shimcha ma’lumotlar zarur. Mikromil Xolboyev hozircha so‘mning uzoq muddatli va keskin qadrsizlanishini kutayotgani yo‘q.

Теглар

Мавзуга оид