Teatrlarga yangi imtiyozlar: har bir chipta uchun gonorar to‘lanadi

Бугун 14:402 дақиқа

O‘zbekistonda davlat va xususiy teatrlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etilib, har bir sotilgan chipta uchun qo‘shimcha gonorar beriladi.

Teatrlarga yangi imtiyozlar: har bir chipta uchun gonorar to‘lanadi © uzbekistan1.com

Poytaxtdagi qator teatrlar faoliyati o‘rganilib, ularni modernizatsiya qilish ishlari boshlandi. Xususan, Milliy qo‘g‘irchoq teatri, Muqimiy nomidagi akademik teatr hamda Yoshlar teatrini zamonaviy talablar asosida yangilash choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qildi.

Shuningdek, madaniyat muassasalarini boshqarish tizimida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. O‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilgan edi. Bu tajriba ijobiy natija bergani qayd etildi.

Shu asosda joriy yilning o‘zida Muqimiy teatri, Berdaq teatri va Milliy qo‘g‘irchoq teatriga ham shunday mustaqil boshqaruv imkoniyatlari taqdim etiladi. Mas’ullarga qolgan madaniyat obyektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Xususiy teatrlarga ko‘mak

Sohada raqobatni kuchaytirish va yangi ijodiy loyihalarni rag‘batlantirish maqsadida xususiy teatrlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratiladi.

1-sentabrdan boshlab xususiy teatrlar va teatr-studiyalari tomonidan har yili yaratiladigan 50 ta sahna asari xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, davlat madaniyat obyektlari ularning foydalanishi uchun bepul ajratiladi.

Agar xususiy teatr o‘z faoliyatini ijaraga olingan binoda yuritsa, har oyda 20 million so‘mgacha ijara xarajatlari budjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bu choralar xususiy sektorning teatr san’atidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Chipta uchun gonorar

Endi teatrlar spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga budjetdan 10 ming so‘mdan gonorar ajratiladi.

Masalan, agar teatr mingta chipta sotsa, qo‘shimcha 10 million so‘m mablag‘ oladi. Teatr jamoalari spektakllarni hududlarda namoyish etsa, har bir chipta uchun to‘lanadigan gonorar miqdori 20 ming so‘mni tashkil etadi. Bu esa teatrlarni tomoshabinlar sonini oshirish va gastrol faoliyatini kengaytirishga undaydi.

Теглар

Мавзуга оид