Tojikiston prezidenti Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev bilan birga Buxorodagi tarixiy va muqaddas obidalarni ziyorat qildi.

Tojikiston prezidenti Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekistonga amalga oshirayotgan davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev bilan birga Buxoro shahridagi tarixiy va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilmoqda.

Buxoro o‘zining boy tarixiy va madaniy merosi bilan mashhur bo‘lib, 2,5 ming yillik tarixga ega. Shaharning tarixiy markazi 1993 yilda UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Asosiy tashrif

Dastlab davlat rahbarlari Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Bu majmua islom olamining eng ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. U yerda Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.

Majmua tarkibiga maqbara, xonaqoh, masjidlar va so‘fiylik tarixi muzeyi kiradi. Ta’limotning asosiy shiori «Dil ba yoru, dast ba kor» insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka undaydi.

Somoniylar maqbarasiga tashrif

Somoniylar maqbarasiga Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan qurilgan eng qadimiy obidalardan biri bo‘lib, IX–X asrlarga taalluqli. Maqbara Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.

Uning me’moriy ko‘rinishida islom va islomdan avvalgi an’analar uyg‘unlashgan. Quyosh nurlariga qarab o‘zgaruvchan naqshlar hamda kub va gumbaz shakli Yer va Osmon uyg‘unligini anglatadi.

Ziyorat davomida Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.

Теглар

Мавзуга оид