Logo

Toliblar AQSHni Afg‘onistonga qaytishga taklif qildi

Ayni paytda AQSHda Afg‘oniston Markaziy bankining milliardlab dollar mablag‘lari hamon muzlatilgan holda qolmoqda. «Tolibon» vaziri Vashington to‘g‘onlar hamda yo‘llar qurilishiga investitsiya kiritishi mumkinligini aytdi.

Toliblar AQSHni Afg‘onistonga qaytishga taklif qildi © The New York Times

«Tolibon» muvaqqat hukumati AQSHni Afg‘onistonda diplomatik faoliyatini qayta tiklashga va mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga chaqirmoqda. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy «The New York Times» gazetasiga bergan intervyusida aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Qobuldagi elchixonasini qayta ochishi, diplomatik faoliyatini tiklashi va foydali qazilmalarni qazib olish, to‘g‘onlar hamda yo‘llar qurilishiga mablag‘ kiritishi mumkin.

«Biz urush davri tugagan deb hisoblaymiz. Endi o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar va ijobiy hamkorlikning yangi bosqichini xohlaymiz», — dedi Muttaqiy.

Shu bilan birga, Afg‘oniston hukumati Amerika harbiylarining mamlakatga qaytishini istamasligini ta’kidladi.

AQSH qurolli kuchlari 2021-yil 31-avgust kuni Afg‘onistonni to‘liq tark etgan. Shu bilan AQSHning mamlakatdagi 20 yillik harbiy ishtiroki yakunlangan. AQSHning Qobuldagi elchixonasi esa 2021-yil 15-avgust kuni, «Tolibon» hujumi fonida amerikalik diplomatlarni zudlik bilan evakuatsiya qilish boshlangan paytda o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Diplomatik missiya vaqtincha Qatar poytaxti Dohaga ko‘chirilgan.

So‘nggi vaqtlarda Tramp ma’muriyati «Tolibon»dan asta-sekin uzoqlashib bormoqda. AQSH afg‘onistonliklarga viza berishni vaqtincha to‘xtatdi va ularning mamlakatga kirishini taqiqladi. Bundan tashqari, amerikaliklar yil boshida Afg‘oniston hududiga havo zarbalari bergan Pokiston bilan munosabatlarini yaqinlashtirdi. Shuningdek, AQSH «Tolibon»ning doimiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Eron bilan urushga ham aralashib qoldi.

Ayni paytda AQSHda Afg‘oniston Markaziy bankining milliardlab dollar mablag‘lari hamon muzlatilgan holda qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning sobiq vaziri O‘zbekistonning Qo‘shtepa kanalini bahs ostiga qo‘yish uchun asoslari yetarli emasligini aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид