Toshkentda Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan harbiy yurish o‘tkaziladi

Бугун 17:031 дақиқа

4-aprel kuni poytaxtda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan harbiy bo‘linmalar ishtirokida tantanali piyoda yurish tashkil etiladi.

Toshkentda Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan harbiy yurish o‘tkaziladi

Toshkent shahrida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli harbiy tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy bo‘linmalari ishtirok etadi.

Ma’lum qilinishicha, tantanali piyoda yurish soat 08:00 da Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hududidan boshlanadi. Tadbir taxminan 12:30 ga qadar davom etishi kutilmoqda.

Harbiylar dastlab «Parkent» va «Mustaqillik» ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Amir Temur xiyoboni hududiga yetib boradi. Bu yerda asosiy madaniy va harbiy dasturlar namoyish etiladi.

Jumladan, tadbir doirasida Amir Temur davriga xos qurol-aslaha va liboslar namoyishi, teatrlashtirilgan chiqishlar, faxriy qorovul jamoasining chiqishlari hamda qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali mashqlari o‘tkaziladi. Shuningdek, harbiy orkestr tomonidan defile namoyishlari ham tashkil etiladi.

Tadbir yakunida harbiy bo‘linmalar «Mustaqillik» va «Temiryo‘l» ko‘chalari orqali boshlang‘ich nuqtaga qaytishi belgilangan.

Mas’ullar 4-aprel kuni soat 08:00 dan 12:30 gacha mazkur ko‘chalarda avtotransport harakati vaqtinchalik cheklanishini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan aholidan harakatlanishda ehtiyotkor bo‘lish va aylanma yo‘llardan foydalanish so‘raldi.

2026-04-03 17.05.39

Теглар

Мавзуга оид