Logo

Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» o‘zining dastlabki qiyofasiga qaytariladi

Obyektni restavratsiya qilish maqsadida Yekaterina Golovatyuk, Boris Chuxovich va Fotima Abdurahmonova kabi mahalliy va xalqaro ekspertlardan iborat maxsus ishchi guruh tuzilmoqda.

Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» o‘zining dastlabki qiyofasiga qaytariladi © gov.uz

Toshkentdagi modernizm me’morchiligining eng yorqin namunalaridan biri bo‘lgan «Moviy gumbazlar» ilmiy tadqiqotlar hamda me’moriy asrashning xalqaro tamoyillari asosida to‘liq restavratsiya qilinadi va qayta tiklanadi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.

Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov majmua muallifi, taniqli me’mor Vil Muratov bilan birgalikda madaniy meros obyektini ko‘zdan kechirdi hamda binoning dastlabki qiyofasini ilmiy o‘rganish va qayta tiklash ishlari boshlanganini bildirdi.

Maxsus ishchi guruh tuziladi

Xabarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun xalqaro va mahalliy mutaxassislardan iborat maxsus ishchi guruh tuziladi. Ishchi guruh tarkibiga modernizm me’morchiligi sohasidagi yetakchi xalqaro ekspertlar, shuningdek, mahalliy me’morlar, san’atshunoslar va restavratsiya mutaxassislari jalb etiladi. Loyiha ustida olib boriladigan ishlarda Yekaterina Golovatyuk, Boris Chuxovich va Fotima Abdurahmonova ham ishtirok etadi.

«Loyihaning asosiy maqsadi — «Moviy gumbazlarmning tarixiy, me’moriy va badiiy qadr- asrab qolish, uning dastlabki elementlarini qayta tiklash hamda ushbu noyob yodgorlikni kelajak avlodlarga yetkazishdir. Milliy me’morchilik an’analari va modernizmning ifodaviy tamoyillari uyg‘unlashgan obyektning noyob me’moriy yechimi O‘zbekiston me’morchiligi tarixida muhim ahamiyatga ega. «Moviy gumbazlar» ni restavratsiya qilish ishlarining boshlanishi shunchaki alohida tarixiy binoni qayta tiklashdan iborat emas. Bu O‘zbekistonning XX asr me’moriy asrash, o‘rganish va ommalashtirish, shuningdek, uni xalqaro miqyosda namoyish etish yo‘lidagi muhim qadamdir», - deyiladi rasmiy bayonotda.

Olib tashlangan bezaklar asl mozaika emasdi

Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, kuni kecha gumbazlardan olib tashlangan mozaika bezaklari aslida tarixiy emas, balki keyinchalik qilingan yangi qoplama bo‘lgan. Gumbazlarning original bezaklari 1980 yillarning oxiridayoq nurashni boshlagan edi. Ushbu tarixiy mozaika 2006 yilda, mulkdor o‘zgarganidan so‘ng kafeni restoranga aylantirish maqsadida qilingan rekonstruksiya vaqtida butunlay olib tashlangan va o‘rniga zamonaviy dekorativ ornament o‘rnatilgan. 2026 yilga kelib esa mazkur 2006 yilgi qoplamaning o‘zi ham buzilib, yaroqsiz holatga kelib qolgan edi.

Ma’lumot uchun, 1968–1970 yillarda barpo etilgan «Moviy gumbazlar» nafaqat modernizm me’morchiligining noyob yodgorligi, balki Toshkent shahrining ramzlaridan biri ham hisoblanadi. Ushbu majmua 2019 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan ko‘chmas moddiy madaniy meros obyektlarining Milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Hujjatga ko‘ra, Sharof Rashidov shohko‘chasida joylashgan «Moviy gumbazlar» kafesi davlat mulki hisoblanadi, unga nisbatan mulk huquqi «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankining Yakkasaroy filialiga tegishli.

Теглар

Мавзуга оид