Logo

Uch karra yer solig‘ini to‘laganmisiz? Kimlar pulini qaytarib oladi?

Бугун 20:416 дақиқа

Yangi qonun 2020–2024-yillar davomida jismoniy shaxslardan undirilgan uch karra yer solig‘ini bekor qildi. Natijada millionlab ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha soliq qayta hisoblanadi. Biroq bu o‘zgarish yerga egalik huquqini avtomatik bermaydi. Maqolada kimlar pulini qaytarib olishi, ariza berish tartibi va yangi qonunning eng muhim jihatlari tahlil qilindi.

Tasavvur qiling, bir necha yil oldin sizga yer solig‘i hisoblangan. Odatdagidan uch baravar ko‘p. Siz uni to‘ladingiz. Balki majburan, balki qarzdor bo‘lib qolmaslik uchun.

Prezident 15-iyun kuni o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tan olish tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi qonunni (O‘RQ 1153-son) imzoladi. Shu tariqa O‘zbekistonda yer uchastkasidan hujjatsiz foydalangan shaxslardan 2020 yil 1-yanvardan 2024 yil 1-iyungacha undirilgan uch karra yer solig‘i bekor qilindi. Yangi qonunga ko‘ra, ortiqcha soliq summalari qayta hisob-kitob qilinib, fuqarolarga qaytariladi.

Bu oddiy soliq haqidagi yangilik emas. Gap qariyb 4 млн 344 mingta ko‘chmas mulk obyekti haqida ketmoqda. Soliq qo‘mitasi hisob-kitoblariga ko‘ra, qayta hisoblanadigan mablag‘ hajmi 1,5 trln so‘mga yaqin. Bu ayrim vazirliklarning bir yillik budjetiga teng mablag‘. Demak, ushbu mavzu millionlab fuqarolarga taalluqli.

Uch karra yer solig‘i bekor qilindi. Kimlar pulini qaytarib oladi?

Yer uchastkalaridan hujjatsiz yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, qo‘llaniladigan 3 baravar soliq stavkasi bekor qilindi.

Prezident tomonidan imzolangan yangi qonunga ko‘ra, jismoniy shaxslarga aynan 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha hisoblangan uch karra yer solig‘i bekor qilindi. Bu degani, o‘sha davr uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar endi qayta ko‘rib chiqiladi. Lekin juda muhim jihat bor. Ko‘pchilik “Endi uch karra yer solig‘i umuman bekor bo‘ldi”, deb o‘ylashi mumkin. Yo‘q. Bu faqat bitta davrga tegishli.

Yangi qonun faqatgina 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha bo‘lgan munosabatlarga tatbiq etiladi. Hozirgi amalda ishlab turgan tartib ishlayveradi. 2025 va 2026-yillarda hisoblangan uch karra soliqlar bekor qilinmaydi va kimdir yer uchastkasidan hujjatsiz foydalansa, uch karra yer solig‘ini to‘laydi.

Kimlarga tatbiq etiladi?

Bu imtiyoz barcha fuqarolarga emas. Faqat jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Yana aniqroq aytsak:

— yer uchastkasiga huquqni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmaganlar;

— yoki hujjatda 6 sotix ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda 8 sotixdan foydalanganlar. Masalan, sizning hovlingiz hujjat bo‘yicha 10 sotix, lekin amalda 12 sotix ishlatyapsiz. Mana shu ortiqcha 2 sotix uchun sizga uch karra yer solig‘i hisoblangan bo‘lishi mumkin. Endi aynan shu hisob-kitob qayta ko‘riladi.

Nega aynan 2020–2024-yillar?

Ko‘pchilik yana bitta savol beradi. Nega aynan 2020 va 2024-yillar oralig‘i? Nega undan oldingi yoki keyingi davr emas? Buning sababi juda oddiy. 2020-yildan boshlab yangi Soliq kodeksi kuchga kirdi va unda uch karra soliq normasi joriy etilgan. Lekin shu davrda fuqarolarning hujjatsiz yerlarini qonuniylashtirish uchun aniq mexanizm mavjud emas edi.

Faqat 2024-yilda 937-sonli Qonun qabul qilinib, hujjatsiz egallangan yerlar va ulardagi bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibi belgilandi. Shu sababli aynan mana shu davr uchun uch karra soliq bekor qilinmoqda.

Pul qanday qaytariladi? Ariza yozish kerakmi?

Yaxshi xabar shuki... Qayta hisob-kitob avtomatik amalga oshiriladi. Soliq qo‘mitasi barcha ma’lumotlarni axborot tizimlari orqali qayta hisoblaydi. Fuqarodan hech qanday ariza talab qilinmaydi. Ya’ni sizning 2020–2024-yillar oralig‘idagi uch karra solig‘ingiz avtomatik ravishda bir karra stavkaga tushiriladi.

Agar siz allaqachon pulni to‘lab bo‘lgan bo‘lsangiz-chi? Unda ortiqcha to‘langan summa aniqlanadi. Bu mablag‘ avvalo sizning boshqa soliq qarzdorliklaringiz bo‘lsa, o‘sha yerga yo‘naltiriladi. Qarzdorlik bo‘lmasa, keyingi soliqlaringiz hisobiga o‘tkaziladi.

Ortgan soliq summasini qaytarib olish uchun fuqarolar ariza berish kifoya. Arizani “Soliq” mobil ilovasi orqali berishlari kerak bo‘ladi. Smartfoni yo‘qlar yoki mobil ilovadan foydalanmaydiganlar o‘zi yashaydigan tuman (shahar) soliq inspeksiyalariga murojaat qilishlari mumkin. Soliq kodeksiga binoan, ortiqcha to‘lov 15 kun ichida qaytarib beriladi.

Qayta hisob-kitobni qayerdan tekshirish mumkin?

Buni uchta usulda tekshirishingiz mumkin.

Birinchisi — “Soliq” mobil ilovasi.

Ikkinchisi — shaxsiy kabinet.

Uchinchisi — hududiy soliq organlari orqali.

Qayta hisob-kitob tugagach, barcha ma’lumotlar shu tizimlarda aks etadi.

Uy sotilgan bo‘lsa, pul kimga qaytariladi?

Yana bir juda muhim masala. Agar hujjatsiz uy sotilgan bo‘lsa-chi? Pul kimga qaytariladi? Bu yerda asosiy mezon — soliqni kim to‘lagani. Agar uch karra soliqni oldingi egasi to‘lagan bo‘lsa, ortiqcha to‘lov ham o‘sha shaxsga tegishli bo‘ladi. Chunki qaytarilayotgan mablag‘ yerning o‘ziga emas, aynan ortiqcha to‘langan soliq summasiga bog‘liq.

Uch karra soliq bekor qilinishi yerga egalik huquqini beradimi?

Endi 937-sonli qonun haqida. Bu qonun nima uchun muhim? Chunki ko‘pchilik uch karra soliq bekor bo‘ldi degani endi yer ham avtomatik meniki bo‘ldi, deb o‘ylashi mumkin. Uch karra soliqning bekor qilinishi yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni e’tirof etish uchun to‘laqonli asos bo‘la olmaydi. Ushbu o‘zgarishlar bilan birga, fuqarolar 937-sonli qonunga muvofiq, hujjatsiz yer uchastkasiga egalik huquqini rasmiylashtirishi mumkin. Biroq, bu 2018-yil 1-maygacha qurilgan bino-inshootlarga taalluqli. Agar bino shu sanagacha qurilgan bo‘lsa, unga egalik huquqini e’tirof etish mumkin.

Hozirgi holatda binoni 2018-yildan keyin qurganlar hujjat olishi bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilmagan. Hozircha ular uch karra soliqni to‘lab yurishga majbur.

Yer maydoni noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa, fuqarolar nima qilishi kerak?

Uch karra yer solig‘i kadastr organlari taqdim etgan ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblanadi. Agar fuqaro yer maydoni yoki kadastr ma’lumotlari noto‘g‘ri kiritilgan deb hisoblasa, masala kadastr organlariga murojaat qilish orqali hal etiladi. Kadastr organi ma’lumotlarni tekshirib, zarur o‘zgartirishlarni axborot tizimiga kiritadi. Shundan so‘ng soliq summasi yangilangan kadastr ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda qayta hisoblanadi.

Qonundagi yana qanday yengilliklar bor?

Ilgari ayrim hollarda kichik miqdordagi soliq qarzdorligi ham huquqni e’tirof etishga to‘sqinlik qilardi. Endi esa qarzdorlik tushunchasi aniqlashtirildi. Agar qarzdorlik Bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari ya’ni 12,36 mln so‘mdan oshmasa, bu holat avtomatik rad etish uchun asos bo‘lmaydi. Fuqaroga uni bartaraf etish imkoniyati beriladi va shundan keyin hujjatlashtirish davom ettiriladi.

Bir martalik to‘lovlarni to‘lash mexanizmi ham yengillashtirildi. Endilikda ayrim to‘lovlarni uch yilgacha bo‘lib to‘lash mumkin. Bundan tashqari, agar belgilangan muddat ichida bir martalik to‘lovning 50 foizi to‘liq to‘lansa, qolgan qismiga qonunda nazarda tutilgan chegirma qo‘llanadi. Bu esa ko‘plab oilalar uchun katta moliyaviy yengillik bo‘lishi mumkin.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, qayta hisob-kitob qariyb 4 million 344 mingta ko‘chmas mulk obyektiga taalluqli bo‘lishi mumkin. Shundan 2 million 751 mingga yaqini hujjatsiz foydalanilgan yerlar, qariyb 1,6 millioni esa hujjatda ko‘rsatilganidan ortiq foydalanilgan yer maydonlaridir. Umumiy qayta ko‘rib chiqiladigan summa esa qariyb 1,5 trillion so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda.

Xulosa

1153-sonli Qonun minglab emas, millionlab fuqarolar uchun moliyaviy yengillik yaratmoqda. Lekin bu yerga egalik huquqi avtomatik berildi degani emas. Eng to‘g‘ri yo‘l — hujjatlarni qonuniylashtirish. Agar siz yoki yaqinlaringiz 2020–2024-yillar oralig‘ida uch karra yer solig‘i to‘lagan bo‘lsa, yaqin kunlarda “Soliq” ilovasi yoki shaxsiy kabinetingizni tekshirib ko‘ring. Chunki qayta hisob-kitob avtomatik amalga oshiriladi. Agar ortiqcha to‘lov aniqlansa, uni keyingi soliqlarga yo‘naltirish yoki qaytarib olish imkoniyati mavjud.

 Eng muhimi, hujjatsiz yer masalasini imkon qadar tezroq qonuniy yo‘l bilan hal qilishga harakat qiling. Chunki bugungi yengillik faqat o‘tgan davr uchun berildi. Kelgusida esa amaldagi qonunchilik talablari o‘z kuchida qoladi.

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator va montajchi: Mirvohid Mirrahimov

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 29

Барчаси

Мавзуга оид