Logo

Urganch aeroportidan Xivaga tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Yo‘nalish bo‘yicha chipta narxlari kattalar uchun 25 000 so‘m, bolalar uchun esa 14 000 so‘m etib belgilandi.

Urganch aeroportidan Xivaga tezyurar elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi © Foto: t.me/uzrailways_uz

Urganch aeroportidan Xiva shahrigacha zamonaviy elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi ma’lum qildi.

Yangi «Urganch Aerovokzal – Xiva – Urganch Aerovokzal» yo‘nalishida Xitoy Xalq Respublikasining «CRRC Dalian Co., Ltd.» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «CR200J» rusumli zamonaviy tezyurar elektropoyezd qatnamoqda.

Mazkur elektropoyezd jami 6 ta vagondan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 415 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Poyezdning harakat tezligi soatiga 160 kilometrni tashkil etadi.

Zamonaviy qulayliklar va qatnov jadvali

Qayd etilishicha, elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun «Econom» toifasidagi zamonaviy va qulay o‘rindiqlar o‘rnatilgan.

«Har bir o‘rindiqda USB quvvatlantirish qurilmalari, vagon ichidagi iqlimni me’yorida saqlash imkonini beruvchi iqlim nazorati tizimi mavjud. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun maxsus joylar ko‘zda tutilgan», — deyiladi xabarda.

Rasmiy xabarga ko‘ra, poyezdlar harakati quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:

• 7055-sonli «Urganch Aerovokzal – Xiva» yo‘nalishi bo‘yicha poyezd Urganch aerovokzalidan soat 08:40 da jo‘nab ketadi. Soat 08:59 dan 09:02 gacha Urganch bekatida to‘xtab o‘tadi va 09:22 da Xivaga yetib boradi.

• 7058-sonli «Xiva – Urganch Aerovokzal» qatnovi esa Xivadan soat 21:00 da yo‘lga chiqib, 21:20–21:23 oralig‘ida Urganchda to‘xtaydi va 21:42 da Urganch aerovokzaliga yetib keladi.

Yo‘nalish bo‘yicha chipta narxlari kattalar uchun 25 000 so‘m, bolalar uchun esa 14 000 so‘m etib belgilangan.

Теглар

Мавзуга оид