Uy-joy uchun subsidiya olish: u kimlarga va qay tarzda beriladi?
Ipoteka krediti uchun subsidiya olish uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash natijasida kamida 30 ball yig‘ishi shart. Subsidiya puli hech qachon naqd shaklda qo‘lga berilmaydi. Mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatuvchi yoki mahsulot yetkazib beruvchi tashkilot hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.

Subsidiya — bu davlat tomonidan muayyan maqsadlar uchun jismoniy yoki yuridik shaxslarga ajratiladigan, qaytarib berish talab etilmaydigan moliyaviy yordamdir. Soddaroq aytganda, bu davlatning fuqaro yoki tadbirkorga o‘z ehtiyojini qondirish uchun beradigan bepul mablag‘i. U kreditdan tubdan farq qiladi: subsidiya oluvchiga foiz to‘lash yoki asosiy summani qaytarish majburiyati yuklanmaydi. Uni faqatgina qat’iy maqsadli yo‘nalishda ishlatish talab etiladi va bu jarayon davlat tomonidan nazorat qilinadi.
Subsidiyalar ikki asosiy maqsadga xizmat qiladi: ijtimoiy himoya (kam ta’minlangan aholining uy-joy sharoitini yaxshilash) va iqtisodiy rag‘batlantirish (tadbirkorlikni boshlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish).
Muhim jihati shundaki, subsidiya puli hech qachon naqd shaklda qo‘lga berilmaydi. Mablag‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatuvchi yoki mahsulot yetkazib beruvchi tashkilot (masalan, quruvchi kompaniya) hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.
Ipoteka subsidiyasi shartlari
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun fuqarolar Vazirlar Mahkamasining 182-sonli qaroriga asosan belgilangan ijtimoiy mezonlarga to‘liq javob berishi kerak. Buning uchun baholash natijasida kamida 30 ball yig‘ish shart. Nomzodlar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
• Ariza beruvchi yoki uning oilasi nomida O‘zbekiston bo‘ylab mulk yoki turar joy yo‘qligi — 20 ball.
• «Labor-migration» dasturida ro‘yxatdan o‘tgan rasmiy mehnat migranti bo‘lish — 10 ball.
• Olis va chekka hududlarda ishlovchi mutaxassislar yoki tibbiyot xodimlari — 5 ball.
• Yosh oilalar va 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar — 5 ball.
• Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayollar (beva, ajrashgan yoki yolg‘iz onalar) — 5 ball.
• «Tibbiy ijtimoiy ekspertiza» tizimida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar — 5 ball.
Arizachining ushbu mezonlarga muvofiqligi elektron ma’lumotlar bazalari orqali subsidiya.idm.uz tizimi tomonidan avtomatik tarzda aniqlanadi.
Daromadning aniq chegarasi
Subsidiya ajratilishi uchun ariza beruvchi va uning yaqin qarindoshlarining o‘rtacha oylik daromadi qat’iy belgilangan chegarada bo‘lishi talab etiladi:
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda —Mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining (MHTEKM) 2,7 baravaridan (3,4 mln so‘m) 8 baravarigacha (10,1 mln so‘m).
• Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan (3,4 mln so‘m) 9,2 baravarigacha (11,6 mln so‘m).
Agar daromad bundan kam yoki ko‘p bo‘lsa, shuningdek, er-xotinning nomida mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lsa, ariza qanoatlantirilmaydi.
To‘lov qanday hisoblanadi?
Ipoteka subsidiyasi fuqaroga ikki xil shaklda yengillik beradi:
• Boshlang‘ich badal uchun: Ushbu mablag‘ har yil uchun qat’iy belgilangan miqdorda ajratiladi. Hozirgi kunda bu qiymat 30 million so‘m qilib belgilangan va 2026 yil uchun ham oshirilmagan.
• Foizlarni qoplash uchun: Kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismi davlat tomonidan to‘lab beriladi. 2025 yil va undan keyingi dasturlar doirasida esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan (ayni paytda 14 foiz) oshgan qismiga subsidiya beriladi. Bank stavkalari Markaziy bank stavkasiga mutanosib ravishda o‘zgaradi.
Ariza qayerga topshiriladi?
18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar arizani bevosita Davlat xizmatlari markazlariga borib yoki onlayn tarzda — myGov mobil ilovasi hamda my.gov.uz portali orqali topshirishlari mumkin. Harbiy tuzilmalar xodimlari faqat Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladi.
Ariza berishda eng muhim shartlardan biri: OneID tizimi orqali ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixingizni baholash uchun ruxsat berishingiz kerak. Kredit tarixini olishga cheklov o‘rnatilgan bo‘lsa, ariza rad etiladi. Sizning kredit tarixingiz kamida bitta ishtirokchi bankning («Ipotekabank», SQB, «Xalq banki», «Hamkorbank», «Milliy bank» va boshqalar) ichki qoidalariga mos kelishi shart.
Qachon rad etiladi?
Arizalar vakolatli organlar tomonidan to‘rt ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi va natijasi SMS orqali ma’lum qililadi. Subsidiya quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
• Ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmasa yoki soxta bo‘lsa;
• Ilgari imtiyozli ipoteka va subsidiya olgan bo‘lsa;
• Oilaviy daromad belgilangan me’yordan past yoki yuqori bo‘lsa;
• Joriy yil uchun hududga ajratilgan kvota (subsidiya soni) tugagan bo‘lsa.
Boshqa sabablar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi va ariza rad etilgach, fuqaro qayta murojaat qilish huquqiga ega. Subsidiyalar soni cheklangani sababli, ariza birinchi topshirganlarga ustunlik beriladi.





