Logo

«Yandex»ga hujum, «Uzum»da nosozlik

Rossiyadagi data-markazlarga dronlar hujumi Markaziy Osiyoda «Yandex» xizmatlarini izdan chiqardi. Qolaversa, ko‘pchilik foydalanadigan «Uzum Market» faoliyatida katta texnik uzilish kuzatildi. Bu ikki hodisa o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bormi? Biz har kuni foydalanadigan raqamli xizmatlar favqulodda vaziyatlarda ishlashni davom ettirishga qanchalik tayyor?

Ukraina dronlari «Yandex» kompaniyasining Rossiyadagi uchta data-markaziga hujum qilishi ortidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va hatto O‘zbekistonda ham taksi chaqirish, ovqat buyurtma qilish va boshqa raqamli xizmatlarda uzilishlar bo‘ldi.

Shu bilan birga, kompaniya Qozog‘iston foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari mamlakat hududida saqlanishda davom etganini bildirdi. Yuz bergan uzilishlar Markaziy Osiyodagi raqamli iqtisodiyot boshqa mamlakatlardagi serverlar va hisoblash tizimlariga qanchalik bog‘liq ekanini yaqqol ko‘rsatdi.

Xo‘sh, hujum o‘zi qachon uyushtirildi?

8–11-oktabr kunlari Rossiyadagi «Yandex»ning uchta data-markaziga Ukraina dronlari tashlandi. Birinchi hujum Ryazan viloyatining Sasovo shahridagi markazga uyushtirildi. U yerda sun’iy intellektni ishlab chiqish uchun ishlatiladigan ikkita superkompyuter ham joylashgan edi. Hujumdan so‘ng markaz butunlay ishlashdan to‘xtadi.

Keyingi hujum Kaluga shahridagi data-markazga berildi. Oqibatda uning ayrim uskunalari ishdan chiqdi.
11-oktabr kuni esa navbatdagi hujum Vladimir viloyatidagi markaz faoliyatining to‘xtashiga olib keldi. «Yandex» hujumlar oqibatida infratuzilmasiga zarar yetganini tasdiqladi. Kompaniya xodimlaridan hech kim jabrlanmaganini bildirdi. Mutaxassislar hisoblash ishlarini faoliyatini davom ettirayotgan boshqa markazlarga ko‘chirishni boshladi. Biroq ishdan chiqqan uskunalar qachon to‘liq tiklanishi hozircha noma’lum.

«Reuters» xabariga ko‘ra, Rossiya data-markazlariga qilingan hujumlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davomida iqtisodiy va texnologik infratuzilmaga berilayotgan zarbalar kengayib borayotgan bir paytda yuz berdi.

Hujumlarning oqibatlari tez orada Rossiyadan tashqarida ham sezildi. 11-oktabr kuni Qozog‘istonda foydalanuvchilar «Yandex Go» orqali taksi chaqirish, «Yandex Eats» orqali ovqat buyurtma qilish va «Yandex Lavka» orqali oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda muammolarga duch keldi.

Elektr samokatlarni ijaraga olish va boshqa ilovalarda ham uzilishlar kuzatildi. «Yandex Go» xizmatidagi uzilishlar faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan cheklanmagan. Foydalanuvchilar va OAV xabarlariga ko‘ra, Armaniston, Belarus, Serbiya va Gruziyada ham xizmat faoliyatida muammolar kuzatilgan.

Haydovchilar va kurerlarga buyurtmalar kelmay qolgan. Restoranlar va do‘konlar esa ayrim mijozlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatidan vaqtincha mahrum bo‘lgan. «Yandex Qazaqstan» texnik muammolarni tasdiqladi. Kechga borib taksi buyurtma qilish xizmati yana ishlay boshladi, biroq ayrim funksiyalarda cheklovlar saqlanib qoldi.

Kompaniyaning tushuntirishicha, serverlar ishlamay qolganda, ulardagi hisoblash vazifalari boshqa resurslarga o‘tkaziladi. Ammo bu jarayon darhol amalga oshmaydi va vaqt talab qiladi.

Shunga o‘xshash uzilishlar Qirg‘iziston va O‘zbekistonda ham kuzatildi. Foydalanuvchilar taksi chaqirish, yetkazib berish xizmatlariga buyurtma berish va yo‘l haqi narxlarini ko‘rishda muammolarga duch keldi.

Qirg‘izistonda «Yandex»ning mahalliy bo‘linmasi muammolarni tan oldi. Kompaniya bir mamlakatdagi infratuzilmaga yetgan zarar boshqa mamlakatlardagi ilovalar faoliyatiga ham ta’sir qilishi mumkinligini tasdiqladi.

Markaziy Osiyo uchun bu shunchaki vaqtinchalik noqulaylik emas. Raqamli platformalar shahar iqtisodiyotining muhim qismiga aylangan. Haydovchilar, kurerlar, restoranlar, do‘konlar va yetkazib berish xizmatlari o‘z ishida ushbu ilovalarga tayanadi.

Ilova buyurtmalarni qabul qilishni to‘xtatsa, ko‘plab tadbirkorlar va xizmat ko‘rsatuvchilar mijozlaridan ayrilishi mumkin. Biroq Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda yuz bergan uzilishlar tufayli qancha moliyaviy zarar ko‘rilgani haqida hozircha ishonchli hisob-kitoblar yo‘q. Qancha buyurtma yo‘qotilgani va hamkorlarga yetgan zarar qoplanadimi yoki yo‘qmi — bu ham noma’lum.

Uzilishlar «Yandex»ning moliyaviy xizmatlariga ham ta’sir qildi. Kompaniyaning fintex yo‘nalishi rahbari Dmitriy Pirogov 11-oktabr kuni foydalanuvchilar vaqtincha «Yandex Pay» orqali hisobidagi pul miqdorini tekshirish, xaridlar uchun to‘lov qilish va pul o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini ochiqladi.

Uning aytishicha, hisoblar haqidagi ma’lumotlar bir nechta nusxada saqlanadi. Tekshiruvlar davomida ma’lumotlar yo‘qolmagani aniqlangan. Biroq ma’lumotlarning saqlanib qolishi moliyaviy operatsiyalar uzluksiz ishlashini kafolatlamadi. Bu holat ayniqsa Qozog‘iston uchun muhim masalani yuzaga chiqardi.

Keng ko‘lamli uzilishlardan keyin bir savol tug‘iladi: nega Qozog‘iston qonunchiligi shaxsiy ma’lumotlarni mamlakat ichida saqlashni talab qilsa-da, Rossiyadagi serverlarga yetgan zarar Qozog‘istondagi ilovalarning ham ishlamay qolishiga sabab bo‘ldi?

«Yandex Qazaqstan» kompaniyasi Qozog‘istonning ma’lumotlarni himoya qilish va saqlash talablariga rioya qilishini bildirdi. Ammo foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichida saqlash barcha hisoblash jarayonlari ham shu yerda amalga oshiriladi, degani emas. Zamonaviy raqamli platformalar o‘z vazifalarini turli mamlakatlardagi serverlar o‘rtasida taqsimlaydi.

Masalan, foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari Olmaota yoki Qarag‘andida saqlanishi mumkin. Lekin yo‘lovchini haydovchi bilan bog‘lash, yo‘l haqini hisoblash va buyurtmalarni taqsimlash kabi vazifalar boshqa mamlakatdagi serverlarning hisoblash quvvatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Agar o‘sha serverlar ishlamay qolsa, mamlakat ichidagi ma’lumotlar bazasi butunlay saqlanib qolgan taqdirda ham ilova ishlamay qolishi mumkin.

«QCloudy» bulutli xizmatlar kompaniyasi asoschisi Nurbek Sodiqov «Digital Business» nashriga bergan izohida bunday tizim xalqaro platformalar uchun odatiy ekanini tushuntirdi.

Har bir mamlakatda barcha zarur server va hisoblash uskunalarini alohida saqlash qimmatga tushadi. Shu sababli kompaniyalar o‘z infratuzilmasini bir nechta hududga taqsimlaydi. Biroq zaxira serverlari ishdan chiqqan markaz bajargan barcha vazifalarni har doim ham darhol o‘z zimmasiga ololmaydi.

«Yandex»ning Qozog‘istonda ham o‘z bulutli infratuzilmasi mavjud. Kompaniya 2024-yilda Qarag‘andi shahrida uskunalari joylashgan «Yandex Cloud» hududini ishga tushirgan. Ammo mamlakatda mahalliy data-markazning mavjudligi «Yandex Go» va boshqa xizmatlarning barcha funksiyalari aynan shu markazda ishlaydi yoki avariya yuz berganda ularning barchasini shu yerga ko‘chirish mumkin, degani emas.

Bu esa raqamli mustaqillikni faqat serverlarni mamlakat ichida joylashtirish bilan bog‘lash qanchalik to‘g‘ri ekanini shubha ostiga qo‘yadi. Xizmatlarning ishonchli ishlashi uchun zaxira hisoblash quvvati, mustaqil aloqa kanallari, ma’lumotlarni o‘zaro muvofiqlashtirib borish va vazifalarni bir markazdan boshqasiga tez o‘tkazish imkoniyati ham zarur.

Bunday xavf faqat Rossiya kompaniyalariga xos emas. Amerika, Xitoy va boshqa mamlakatlarning xalqaro bulutli platformalaridan foydalanganda ham shunday muammolar yuzaga kelishi mumkin. Ammo Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi yana bir xavfni yuzaga chiqardi: texnik nosozliklardan tashqari, data-markazlar jismonan ham yo‘q qilinishi mumkin.

Zaxira nusxalar ma’lumotlarning yo‘qolib ketishidan himoya qiladi. Lekin bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik hisoblash markazi ishdan chiqsa, ular xizmatlarning uzluksiz ishlashini kafolatlamaydi.

Qirg‘izistonda oktabr oyidagi uzilishlar taksi va yetkazib berish bozorining bitta yirik platformaga qanchalik bog‘lanib qolganini ham muhokama qilishga sabab bo‘ldi. Deputat Doston Bekeshev xorijiy ilovaga kirish imkoniyatiga bog‘liq holda daromad topadigan xodimlar duch kelishi mumkin bo‘lgan xavflarga e’tibor qaratdi. U mahalliy raqamli yechimlarni ishlab chiqishni taklif qildi.

Biroq ilovaning mahalliy kompaniyaga tegishli bo‘lishi o‘z-o‘zidan xavfsizlikni kafolatlamaydi. Milliy xizmatlar ham xorijiy serverlar, to‘lov tizimlari va aloqa kanallariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Agar ularning infratuzilmasi ham xuddi shunday tashkil etilgan bo‘lsa, katta uzilish yuz berganda oqibatlar deyarli bir xil bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston uchun bu masala o‘zining hisoblash quvvatlarini rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsiyalar sabab ham juda muhim hisoblanadi. Mamlakat mavjud elektr energiyasi imkoniyatlari va yangi xalqaro aloqa yo‘nalishlaridan foydalanib, mintaqaviy ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt markaziga aylanishni maqsad qilgan. Biroq yangi data-markazlar qurish va mavjud raqamli xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bir-biridan farq qiladigan vazifalardir.

Oktyabr oyidagi uzilishlar mavjud tizimning muayyan zaif tomonini ochib berdi: Qozog‘iston foydalanuvchilarining ma’lumotlari mamlakat ichida saqlangan bo‘lishi mumkin, ammo haydovchilar buyurtmalarni ololmagan, yo‘lovchilar esa taksi chaqira olmagan. Demak, xizmatlarning uzluksiz ishlashi uchun ma’lumotlar qayerda saqlanishidan tashqari, ularni qayta ishlaydigan serverlar qayerda joylashgani va asosiy markaz ishdan chiqqanda ularning o‘rnini qaysi zaxira tizimlar egallashi ham muhimdir.

«Uzum Market» nega ishlamay qoldi? «Yandex»dagi yong‘in bilan bog‘liqmi?

O‘zbekistonda ham shu kunlarda ko‘pchilik foydalanadigan «Uzum Market» faoliyatida katta texnik uzilish kuzatildi. Foydalanuvchilar ilova va sayt bilan bog‘liq muammolarga duch keldi, buyurtmalarni rasmiylashtirish va topshirishda ham uzilishlar bo‘ldi. Bu uzilishlar «Yandex»ga qilingan hujumlar fonida bo‘lgani bois ijtimoiy tarmoqlarda «Uzum Market»dagi uzilish ham «Yandex»dagi hodisa bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi muhokama qilindi. Biroq bu ikki hodisa o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik tasdiqlanmagan. «Uzum» nosozlikni tizimlarni rejali yangilash jarayonida yuzaga kelgan texnik muammo bilan izohlagan.

Bu voqealar muhim savolni o‘rtaga chiqardi: biz har kuni foydalanadigan raqamli xizmatlar favqulodda vaziyatlarda ishlashni davom ettirishga qanchalik tayyor? Chunki birgina texnik nosozlikning o‘zi ham xaridorlar, sotuvchilar va buyurtmalar tizimiga ta’sir qilishi mumkin.

Теглар

Асадбек Комилов

Асадбек КомиловМақолалар сони: 340

Барчаси

Мавзуга оид