Logo

Yangi maqsad: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2030 yilga qadar 300 milliard dollarga yetkaziladi

Бугун 20:082 дақиқа

Qayd etilishicha, YAIM hajmini 160 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan marra joriy yilning o‘zida ortig‘i bilan bajarildi.

Yangi maqsad: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2030 yilga qadar 300 milliard dollarga yetkaziladi © Foto: president.uz

O‘zbekiston iqtisodiyoti ko‘lamini 2030 yilga borib 300 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi maqsad belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidladi.

Global logistikadagi uzilishlar va dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, YAIM hajmini 160 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan marra joriy yilning o‘zida ortig‘i bilan bajarildi.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich orqali O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kiradi.

Mamlakatda valuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar sabab Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rin 80 pog‘ona yaxshilangan va O‘zbekiston iqtisodiyoti mo‘tadil erkin davlatlar qatoridan joy olgan.

Siyosiy iroda bilan chegara muammolari hal qilinib, qo‘shnilar bilan hamkorlik mustahkamlangani ta’kidlanadi.

«Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, hozir mazkur ko‘rsatkich 40-50 milliard dollarni tashkil etmoqda», — deyiladi rasmiy xabarda.

Investitsiyalar bilan birgalikda mamlakatga ilg‘or texnologiyalar va yangi iqtisodiy imkoniyatlar ham kirib kelayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, ehtiyojmand oilalarning daromadi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha «mahallabay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi ortidan, kambag‘allik darajasi 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirilgan. Buning zamirida 10 million insonning turmush sifati yaxshilangani e’tirof etildi.

«Bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti», — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirdi matbuot xizmati.

Davlat rahbari yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining 2025 yildagi murojaatnomasida 2026 yilda YAIM hajmi 160 milliard dollarga, yaqin 5 yilda esa (2030 yilgacha) 240 milliard dollarga yetishi reja qilingani aytilgan edi. Undan avvalgi mo‘ljal esa 200 milliard dollarni tashkil qilgan.

Теглар

Мавзуга оид