Logo

Yorug‘lik bilan miyani boshqarishdan muz ostidagi zarralargacha: 2026-yilgi Nobel mukofotlari kimlarga berildi?

Бугун 11:0010 дақиқа

2026-yilgi Nobel haftaligi yakunlanib, tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot, tinchlik hamda iqtisodiyot bo‘yicha yilning eng muhim kashfiyotlari mualliflari ma’lum bo‘ldi.

Yorug‘lik bilan miyani boshqarishdan muz ostidagi zarralargacha: 2026-yilgi Nobel mukofotlari kimlarga berildi? © Reuters

Nobel qo‘mitasi 5-oktabrdan 9-oktabrga qadar eng nufuzli mukofot laureatlari nomini e’lon qilgan bo‘lsa, 12-oktabrda Shvetsiya Davlat banki tomonidan Alfred Nobel xotirasiga ta’sis etilgan iqtisodiyot bo‘yicha mukofot sohiblari ham ma’lum bo‘ldi. Taqdirlash marosimi an’anaga ko‘ra 10-dekabrda — Nobel vafot etgan kunda bo‘lib o‘tadi. Mukofotning 125 yilligi munosabati bilan uning miqdori 1 million shved kronasiga oshirilib, jami 12 million kronaga (taxminan 1,2 million dollar) yetdi.

Joriy yilgi Nobel mukofoti sohiblari yorug‘lik yordamida miyani boshqarish, Antarktida muzliklarida neytrinolarni tutish, organik molekulalar geometriyasini o‘zgartirish, antik davr merosini qayta kashf qilish, insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qilish va makroiqtisodiy inqirozlarni jilovlash kabi murakkab vazifalarni uddalashdi.

Fiziologiya va tibbiyot

Fiziologiya va tibbiyot yo‘nalishidagi mukofot «yorug‘likni sezuvchi ion kanallari hamda optogenetika sohasidagi kashfiyotlari uchun» amerikalik Karl Deysserot (Govard Xyuz tibbiyot instituti va Stenford universiteti) hamda germaniyalik olimlar — Peter Xegemann (Gumboldt nomidagi Berlin universiteti) va Georg Nagelga (Vyursburg universiteti) topshirildi.

Miyani o‘rganishda optogenetika usullaridan qariyb 20 yildan beri foydalanib kelinadi. Bu usullar yorug‘lik signallari orqali ma’lum bir neyronlar faoliyatini boshqarish imkonini beradi. Bunday tajribalar asosan laboratoriya sichqonlarida o‘tkaziladi. Masalan, olimlar uyg‘oqlik uchun javobgar neyronlar guruhini faollashtirganda, uxlab yotgan sichqonlar darhol uyg‘onadi. Shuningdek, dofamin neyronlariga ta’sir ko‘rsatish orqali jonivorlardagi huzur-halovat hissini susaytirish yoki, aksincha, ularni tushkunlikdan chiqarish mumkin. Bundan tashqari, olimlar sichqonlarning ijtimoiy xulq-atvorini o‘zgartirish, xotirasi va atrof-muhitni qabul qilishiga ta’sir o‘tkazishga ham erishishgan.

Neyronlarni yorug‘lik yordamida boshqarishdek inqilobiy g‘oyani hali 1970 yillardayoq DNK kashfiyotchilaridan biri Frensis Krik ilgari surgan edi. Ammo bu g‘oyani amalga oshirishda bir hujayrali organizmlar ustida olib borilgan tadqiqotlar asqotdi. 1990 yillarda Peter Xegemann fotosintez uchun yorug‘likka ehtiyoj sezadigan va doim yorug‘lik tomon intiladigan «xlamidomonada» nomli bir hujayrali suvo‘tlarining yorug‘likka reaksiyasini o‘rgandi. Aniqlanishicha, bu suvo‘tlarining yorug‘likka ta’sirchanligi o‘ta yuqori bo‘lib, elektrokimyoviy signal millisoniyaning bir necha ulushidayoq yuzaga kelar ekan. Xegemann yorug‘likni sezuvchi oqsillarni kodlaydigan suvo‘ti genlarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu oqsillarning (kanalorodopsinlarning) qanday ishlashini tushunishda esa Georg Nagelning tajribalari qo‘l keldi. Shundan so‘ng Xegemann va Nagel gen muhandisligi yordamida sut emizuvchilar hujayralarini ham yorug‘likni sezadigan holatga keltirish mumkinligini isbotlab berishdi. Ushbu tadqiqot natijalari 2003 yilda e’lon qilingan.

Oradan bir necha yil o‘tgach, shifokor-psixiatr va neyrobiolog Karl Deysserot mazkur texnologiyani ayrim neyronlar faolligini boshqarish maqsadida qo‘lladi. Tez orada Deysserot va uning hamkasblari «kanalorodopsin-2» genini tirik sichqon miyasidagi muayyan neyronlarga kiritish hamda ularga ingichka optik tolali kabel orqali lazer nuri bilan ta’sir ko‘rsatishni o‘zlashtirishdi. Eng oddiy tajribada yorug‘lik impulsining ta’siri sichqonlarning mo‘ylovi qimirlashiga olib kelgan edi. Shundan buyon mazkur yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar jadal davom ettirilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu usullarni tibbiyotda qo‘llash haqida hozircha faqat ehtiyotkorlik bilan gapirish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, optogenetika yordamida 40 yil davomida ko‘zi ojiz bo‘lgan bemorning ko‘rish qobiliyatini qisman tiklashga allaqachon erishilgan.

Fizika

Fizika bo‘yicha mukofot «IceCube» neytrino observatoriyasi faoliyatiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda yuqori energiyali astrofizik neytrinolarni kashf etgani uchun amerikalik olim Frensis Xalzenga (Medisondagi Viskonsin universiteti) topshirildi.

Xalzen dunyoning 14 mamlakatidan kelgan 450 ga yaqin olimni birlashtirgan keng ko‘lamli loyiha tashabbuskori va rahbari hisoblanadi. Mazkur loyiha koinotdan keluvchi ulkan energiyaga ega zarrachalarni — neytrinolarni izlashga qaratilgan. Shu maqsadda Antarktidada 2,5 kilometrgacha chuqur quduqlar qazilib, ularga optik detektorlar o‘rnatilgan o‘ta mustahkam troslar tushirilgan. Neytrino observatoriyasining qurilishi 2005 yilda boshlanib, 2010 yilda yakunlangan.

Loyiha jami bir kub kilometrga yaqin muz qatlamini qamrab olgan. Bu esa neytrinoning modda bilan ta’sirlashish ehtimolini oshiradi hamda koinot qa’ridan uchib kelib, Yerni teshib o‘tadigan neytrinolarni atmosferamizda paydo bo‘ladiganlaridan ajratib olish imkonini beradi. Neytrinolar muz atomlari bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, ulkan tezlikda harakatlanadigan myuonlarni hosil qiladi. Ular esa o‘z navbatida «Cherenkov nurlanishi» deb ataluvchi yog‘du taratadi. Muzning shaffofligi tufayli olimlar bu nurlanishni aniqroq qayd etishga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Yuqori energiyali astrofizik neytrinolarni izlash uskunasi g‘oyasi hali 1960 yillarning boshlaridayoq sovet olimi Moisey Markov tomonidan ilgari surilgan edi. Dastlab bunday qurilmalarni suv ostiga joylashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda ikkita suv osti neytrino teleskopi ishlab turibdi. Bular — Rossiyaning «Baikal-GVD» va O‘rta Yer dengizida joylashgan Fransiya-Italiya hamkorligidagi «KM3NeT» teleskoplaridir.

Kimyo

Kimyo bo‘yicha mukofot «asimmetrik organik sintezdagi nochiziqli effektlar va avtokatalizni kashf etgani uchun» fransiyalik Anri Kagan (Parij-Janub universiteti) va yaponiyalik Kenso Soaiga (Tokio tabiiy fanlar universiteti) topshirildi.

Ayrim organik moddalar molekulalari fazoda bir-birining ko‘zgudagi aksi bo‘lgan izomerlar — enantiomerlar ko‘rinishida mavjud bo‘lishi mumkin. Ushbu xususiyat xirallik deb ataladi. Kimyogarlar bunday moddalarni sintez qilganda, ikkala enantiomerning teng miqdordagi aralashmasi hosil bo‘ladi. Biroq tirik organizmlarda ko‘pincha bu ikki enantiomerning faqat bittasi uchraydi. Shu sababli, moddani aynan kerakli shaklda sintez qilish tibbiyot uchun o‘ta muhimdir. Chunki enantiomerlardan biri shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lsa, ikkinchisi umuman ta’sir qilmasligi yoki hatto zaharga aylanishi ham mumkin.

2021 yilda ham Nobel mukofoti aynan organik asimmetrik katalizni ishlab chiqqanlik uchun berilgan edi. O‘shanda olimlar organik molekula-katalizatorlarni qo‘llash orqali shunday enantiomerlar aralashmasini olishga erishishgandiki, unda enantiomerlardan birining ulushi yaqqol ustunlik (100 foizga yaqin) qilgan. Joriy yilgi laureatlar esa katalizator va mahsulot xiralligi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni o‘rganishdi.

1986 yilda Anri Kagan boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi katalizator va reaksiya mahsuloti tarkibi o‘rtasida nochiziqli bog‘liqlik mavjud bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib bergan edi. Ma’lum sharoitlarda katalizatorning kerakli enantiomeri biroz ustunlik qilsa, bu holat mahsulotning zarur enantiomerini sintez qilishda ancha yuqori tanlovchanlikni ta’minlab bera oladi.

1995 yilda esa Soai va uning hamkasblari asimmetriyani nafaqat kuchaytirish, balki uni o‘z-o‘zini davom ettiradigan holatga keltirish mumkinligini isbotlashdi. Shu tariqa, dastlabki arzimas simmetriya buzilishini kimyoviy yo‘l bilan kuchaytirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu esa farmatsevtika sanoati uchun ulkan foyda keltirdi.

Adabiyot

Adabiyot yo‘nalishidagi mukofot «mumtoz an’analar bilan teran muloqotga kirishib, zamonaviy adabiyot uchun yangi shakllarni yaratuvchi dadil va novatorlik ijodi uchun» kanadalik yozuvchi, shoira va essenavis Enn Karsonga topshirildi.

Enn Karson 1950 yilda Kanadada tug‘ilgan. U Toronto universitetida mumtoz filologiyani o‘rgangan, ko‘p yillar davomida Amerika universitetlarida dars bergan. Shuningdek, Sofokl, Esxil va Evripid tragediyalarini hamda Sapfo she’rlarini ingliz tiliga tarjima qilgan.

Adiba o‘zining «Achchiq-chuchuk eros» nomli ilk kitobini 1986 yilda «Odi et amo ergo sum» (lotinchadan tarjimasi: «Nafratlanaman va sevaman — demak, mavjudman») nomli dissertatsiyasi asosida yozgan. Mazkur asar mumtoz davrning muhabbat haqidagi qarashlarini quruq akademizmdan yiroq tarzda, o‘ta nozik tahlil qilib beradi. Karsonning ta’kidlashicha, u uchun «stereoskopik nigoh» juda muhim. Shu sababli, o‘z esselarida u qadimgi va zamonaviy mualliflarni, masalan, Fukidid va Virjiniya Vulfni o‘zaro taqqoslaydi.

Adiba ijodining cho‘qqisi sifatida ko‘pincha 1998 yilda yozilgan «Qizilning avtobiografiyasi» she’riy romani e’tirof etiladi. Asardagi voqealar Herakl tomonidan o‘ldirilgan mifologik qanotli maxluq — Gerion tilidan hikoya qilinadi. Miloddan avvalgi VI asrga oid dostonni qayta ishlash orqali Karson voqealarni zamonamizga ko‘chiradi. Uning talqinidagi Gerion esa ta’sirchan va oshiq o‘smirga aylanadi.

2010 yilda Karson marhum akasi Maykl xotirasiga bag‘ishlab «Noks» kitobini yaratdi. Akasi 1970 yillarda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani uchun hibsga olingan, keyinchalik Kanadadan qochib ketgan va oqibatda Karson u bilan o‘nlab yillar davomida aloqani uzgan edi. Vafotidan oldin akasi Kopengagendan singlisiga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurgan, biroq ularning diydorlashishi baribir nasib etmadi.

Chuqur qayg‘uga botgan Karson, xuddi shunday musofirchilikda vafot etgan akasi xotirasiga bag‘ishlab qadimgi rimlik shoir Katull o‘z akasiga atab yozgan she’rni tarjima qildi va unga sharh bitdi. Ushbu she’r, shuningdek, oilaviy arxivdagi boshqa matnlar, xotiralar, suratlar va xatlar jamlanib, garmoshka shaklida buklangan va qutichaga joylangan uzun qog‘oz tasmasi ko‘rinishidagi g‘ayrioddiy kitob sifatida nashr etildi.

Yaqinda yozgan esselaridan birida Karson Parkinson kasalligiga chalinganini va muolaja sifatida haftasiga uch marta boks mashg‘ulotlariga qatnashayotganini ma’lum qildi. U Prinston universitetida Konfutsiyning «Yozuvi qamishdek tebranadigan odamdan ehtiyot bo‘l» degan iborasi bilan kinoyali tarzda nomlangan ochiq ma’ruzasida nutq so‘zlayotgan vaqtdayoq boks qo‘lqoplarini kiyib oldi. Qo‘lqoplarni kiyishda esa unga turmush o‘rtog‘i — hozirda adiba bilan birga Islandiyada yashayotgan rassom Robert Karri yordamlashdi.

Tinchlik mukofoti

Tinchlik mukofoti «tinchlik va xalqaro huquqni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari uchun» janubiy afrikalik huquqshunos, hozirda BMT Xalqaro sudining sudyasi bo‘lib ishlayotgan Navi Pilleyga nasib etdi.

Pilley 1941 yilda Janubiy Afrika Respublikasida (JAR), tamillar oilasida dunyoga kelgan. Uning bobo-buvisi 1890 yillarda Hindistondan Afrikaga ko‘chib o‘tgan va shakarqamish plantatsiyalarida ishlagan. Otasi avtobus haydovchisi, onasi esa uy bekasi bo‘lgan. Oilasi qashshoq yashaganiga qaramay, Navi Natal universitetida oliy ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldi. U 1967 yilda o‘z yuridik firmasini ochdi va qariyb 30 yil davomida aparteidga qarshi kurashganlarni, jumladan, qiynoqlarga solingan mahbuslarni sudlarda himoya qildi. Sudlarda g‘alaba qozonish kamdan-kam kuzatilardi, mijozlarning esa ko‘pincha xizmat haqini to‘lashga qurbi yetmasdi. Ammo Pilleyning so‘zlariga ko‘ra, u «bo‘ysunmaslikning har qanday ko‘rinishi ahamiyatga ega» ekaniga qattiq ishonardi. 1980 yillarda u Garvard universitetida tahsil olib, huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik darajasini yoqladi.

1992 yilda Pilley ikki hamkasbi bilan birgalikda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va qonunchilikda teng huquqlilikka erishishni maqsad qilgan «Equality Now» («Hoziroq tenglik») xalqaro tashkilotiga asos soldi. Bugungi kunda ushbu tashkilot dunyoning 85 ta davlatida faoliyat yuritmoqda.

1995 yilda aparteid bekor qilinganidan so‘ng, JAR prezidenti etib saylangan Nelson Mandela Pilleyni mamlakat Oliy sudi sudyasi etib tayinladi. O‘sha yili u Ruanda bo‘yicha Xalqaro tribunal sudyasi etib saylandi, bir necha yil o‘tgach esa shu tribunal raisiga aylandi. Mazkur tribunal tutsi xalqiga nisbatan ommaviy qotilliklar va zo‘ravonlik harakatlarini tergov qilgan edi.

2003–2008 yillarda Pilley Xalqaro jinoiy sud sudyasi bo‘ldi, 2008 yildan 2014 yilga qadar esa BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari lavozimida ishladi. 2021 yildan 2025 yilgacha u BMTning ishg‘ol qilingan Falastin hududlaridagi voqealarni tergov qiluvchi Mustaqil xalqaro komissiyasiga rahbarlik qildi. Ushbu komissiya xulosalari qizg‘in bahs-munozara va tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Hozirgi kunda Navi Pilley Myanma hukumati rohinja musulmonlariga nisbatan genotsidda ayblanayotgan ish bo‘yicha BMT Xalqaro sudi sudyasi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Iqtisodiyot

Shvetsiya Davlat banki tomonidan ta’sis etilgan, Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiyot bo‘yicha mukofotni «makroiqtisodiy barqarorlashuvning mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqanligi uchun» amerikalik olimlar — Robert Xoll (Stenford universiteti) va Maykl Vudford (Kolumbiya universiteti) qo‘lga kiritdi.

Laureatlar neokeynschilik paradigmasiga asos solishgan. Bu yondashuv doirasida iqtisodiy modellar «pastdan yuqoriga» tamoyili, ya’ni mikrodarajada — alohida uy xo‘jaliklari va korxonalar qabul qiladigan qarorlarni hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.

Keynschilik paradigmasiga ko‘ra, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar (inflatsiya, iste’mol, ishsizlik, ishlab chiqarish hajmi) o‘rtasida barqaror o‘zaro bog‘liqlik mavjud bo‘lib, odatda yuqori ishsizlik kuzatilgan davrda inflatsiya past bo‘ladi yoki aksincha. Biroq 1970 yillardagi neft inqirozi davrida bu bog‘liqlikni oldindan aytib berish murakkablashib qoldi: ishsizlik ortishiga qaramay, inflatsiya o‘sishda davom etdi. Daromad va iste’mol o‘rtasidagi aloqadorlik ham avvalgidek ishonchli emasligi ayon bo‘ldi.

1970 yillarning oxiri va 1980 yillarning boshlarida Robert Xoll uy xo‘jaliklarining qancha qismi kelajakdagi daromadlar hamda boshqa iqtisodiy omillar bo‘yicha kutilmalarga tayanib uzoq muddatli qarorlar qabul qilishini va bu holat iste’molga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganish metodikasini taklif qildi.

Maykl Vudford esa o‘z neokeynschilik modelini 2003 yilda nashr etilgan kitobida taqdim etdi. U ishlab chiqarishning amaldagi hajmi hamda tabiiy hajmi (talab va taklif mukammal darajada mos kelganda vujudga keladigan ishlab chiqarish darajasi) o‘rtasidagi tafovutni hisobga olishni taklif qildi. Bundan tashqari, Vudford nazoratdan chiqqan inflatsiyani jilovlash choralarini tavsiya qildi.

Bugungi kunda laureatlarning modellaridan dunyo bo‘ylab moliya vazirliklari va markaziy banklar foydalanmoqda. Ushbu modellar barqarorlashtirish siyosati doirasida asosli qarorlar qabul qilishga xizmat qilmoqda. Xoll va Vudfordning tadqiqotlari yirik makroiqtisodiy inqirozlarni avvalgiga nisbatan ancha samarali bartaraf etish imkonini beradi. Bu esa so‘nggi yillarda kuzatilgan pandemiya va energetika inqirozi sharoitida ham o‘z samarasini ko‘rsatdi. Iqtisodiy pasayish va yuqori inflatsiya davrlari butunlay yo‘qolib ketgani yo‘q, biroq ularning davomiyligi sezilarli darajada qisqardi.

Теглар

Мавзуга оид