Logo

Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva Toshkentdagi madaniy maskanlarga tashrif buyurdi

O‘zbekiston va Ozarbayjon Birinchi xonimlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda «Oxun Guzar» shourumi bilan tanishdi.

Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva Toshkentdagi madaniy maskanlarga tashrif buyurdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Ozarbayjon Birinchi xonimi Mehribon Aliyevaning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma dastur doirasida Birinchi xonimlar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Markaz ekspozitsiyalari O‘zbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalardan tortib, bugungi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot bosqichigacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni yaxlit manzara sifatida namoyon etadi.

Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva «Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar» zali, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar hamda «Yangi O‘zbekiston» zali bilan tanishdilar.

Shuningdek, ikki xalq asrlik tarixiy va madaniy aloqalarni aks ettiruvchi muzey eksponatlarini ko‘zdan kechirdilar.

Tashrif yakunida Birinchi xonimlar ekspozitsiyaning ma’naviy va me’moriy markazi hisoblangan «Qur’on zali» bilan tanishdilar.

Zaldagi eng noyob yodgorlik Usmon Mushafi bo‘lib, u muqaddas Qur’onning bizgacha yetib kelgan eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri hisoblanadi. VII asrga mansub ushbu noyob yozma madaniyat yodgorligi UNESCO'ning «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilgan.

Samimiy suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ikki qardosh xalqni mushtarak tarix, madaniy an’analar va umumiy ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turishi alohida qayd etildi.

Birinchi xonimlar madaniy dastur doirasida poytaxtdagi «Oxun Guzar» shourumiga ham tashrif buyurdilar. Bu yerda o‘zbek hunarmandchiligi an’analarini zamonaviy talqinda davom ettirayotgan mahalliy brendlar mahsulotlari namoyish etildi.

Mehmonlar milliy naqshlar, asrlik hunarmandchilik an’analari va o‘zbek xalqining madaniy qadriyatlarini aks ettiruvchi mahalliy usta hamda dizaynerlar mahsulotlari bilan tanishdilar.

Dastur doirasida kelin sarposini tayyorlash, so‘zana tikish, to‘y marosimlari, kelinni kuyov xonadoniga kuzatish, «kelin salom» va «beshik to‘yi» kabi an’analar, shuningdek, ona allasi namoyish etildi.

Теглар

Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva Toshkentdagi madaniy maskanlarga tashrif buyurdi | Vaqt.uz