Logo

10 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi bir qator hududlardagi davlat xaridlarida raqobatni cheklash holatlarini aniqlab, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan choralar ko‘rdi.

10 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi © stock

10 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning hududiy organlari davlat xaridlarida monitoring amalga oshirilgan va kelib tushgan murojaatlarni o‘rgangan.

Eng yaxshi takliflarni tanlash va tanlov (tender) savdolarini o‘rganish natijasida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.

Xususan:

— Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining 300 mln so‘mlik;

— Farg‘ona viloyati «Farg‘ona tuman yo‘llardan foydalanish» davlat muassasasining 7 ta 2,5 mlrd so‘mdan ziyod;

— Jizzax viloyati Zarbdor tumani 2-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 2 ta 1,4 mlrd so‘mdan ziyod;

— Namangan viloyati Chust tuman tibbiyot birlashmasining 1,8 mlrd so‘mga yaqin;

— Navoiy viloyati Xatirchi davlat o‘rmon xo‘jaligining 7 ta 1,7 mlrd so‘mga yaqin;

— Samarqand viloyati «O‘zyo‘lko‘prik klasteri» Samarqand filialining 1,7 mlrd so‘mlik;

— «Ozodlik» DMning 410 mln so‘mlik xaridlari bo‘yicha qonunbuzilish alomatlari qayd etildi.

Jarima va majburiy ko‘rsatmalar

Ushbu holatlar yuzasidan qo‘mita hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atib, belgilangan tartibda ta’sir choralarini qo‘llagan.

Qo‘mita qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Ayrim holatlarda moliyaviy jarima qo‘llash va huquqiy baho berish uchun materiallar tegishli organlarga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qurilishda aniqlangan qonunbuzilishlar uchun 68,6 mlrd so‘mlik jarimalar belgilangani xabar qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid