Logo

20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkilotlari jarimaga tortildi

Bugun 10:102 daqiqa

Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlar reklamasida qonun talablarini buzgan 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga moliyaviy jarima qo‘lladi.

20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkilotlari jarimaga tortildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Raqobat qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan moliyaviy xizmatlar reklamalari yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida reklama materiallarida iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar keng tarqalgani kuzatilgan. Shu munosabat bilan 20 dan ortiq tijorat banki va mikromoliya tashkilotiga belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.

Qo‘mitaga ko‘ra, qonunbuzilishlarning asosiy qismi aynan moliyaviy xizmatlar reklamasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 43-moddasiga muvofiq, moliyaviy xizmatlar reklamasi boshqa axborotdan aniq ajralib turishi, iste’molchilarni chalg‘itmasligi, shartnoma tuzish uchun muhim bo‘lgan barcha shartlarni to‘liq ochib berishi lozim.

Biroq tekshiruvlar davomida ayrim reklamalarda kredit va omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, minimal talablar, qo‘shimcha to‘lovlar, mikroqarz shartlari, vositachilik yoki sug‘urta to‘lovlari haqidagi muhim ma’lumotlar umuman keltirilmagan yoki juda mayda va tushunish qiyin shaklda berilgani aniqlangan.

Shuningdek, reklamada ikki ma’noli iboralardan foydalanish, xizmat shartlarini bo‘rttirib ko‘rsatish yoki boshqa tashkilotlarning nomi va tovar belgilariga tegishli kalit so‘zlardan foydalanish orqali iste’molchilarni chalg‘itish holatlari ham qayd etilgan.

Qo‘mita ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlarga oid reklamalarda barcha ma’lumotlar aniq, to‘liq va iste’molchilar uchun oson o‘qiladigan shaklda taqdim etilishi shartligini eslatdi.

Shuningdek, moliyaviy xizmatlar reklamalarida noto‘g‘ri yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar tarqatilgani aniqlangan taqdirda, qonunchilikka muvofiq tegishli moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishi yana bir bor ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi «Anor Bank»ni moliyaviy jarimaga tortgan edi.

Teglar

Mavzuga oid