Logo

7 oyda ish joylarida 156 kishi halok bo‘ldi

O‘zbekistonda yanvar-iyul oylarida mehnat faoliyati bilan bog‘liq 529 ta baxtsiz hodisalar sodir bo‘lib, ularda qariyb 580 kishi jabrlangan.

7 oyda ish joylarida 156 kishi halok bo‘ldi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar–iyul oylarida mehnat faoliyati bilan bog‘liq 529 ta baxtsiz hodisa qayd etildi.

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 24 tasi guruh bo‘lib ishlovchilar faoliyatida sodir bo‘lgan.

Hodisalarning 372 tasi og‘ir oqibatli bo‘lgan, 132 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Jami 580 kishi jabrlangan: 156 nafari halok bo‘lgan, 402 kishi og‘ir, 22 kishi yengil tan jarohati olgan.

Ish joylaridagi baxtsiz hodisalar soni birinchi yarim yillikdagi 447 tadan keyin yana oshgan. Bir oy ichida ko‘rsatkich 82 taga ko‘paygani mehnat xavfsizligi masalasida xavflar hali ham yuqori ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, og‘ir oqibatli holatlar umumiy ko‘rsatkichning katta qismini tashkil etgan.

Sanoat va qurilishda xavf yuqori

Eng ko‘p baxtsiz hodisa sanoat sohasida qayd etilgan — 168 ta. Qurilish sohasida 159 ta holat aniqlangan. Bu ikki yo‘nalish jami hodisalarning asosiy qismini tashkil qilgan.

Sog‘liqni saqlash tizimida 16 ta, ta’lim sohasida 14 ta, davlat boshqaruvida 8 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 95 ta, Toshkent viloyatida esa 58 ta bo‘lgan.

Qashqadaryoda 38 ta, Buxoroda 34 ta, Andijon va Samarqand viloyatlarida 33 tadan baxtsiz hodisa qayd etilgan.

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, baxtsiz hodisalar natijasida jabrlanganlar uchun 11 mlrd 379 mln so‘m miqdorida bir yo‘la beriladigan va oyma-oylik zarar pullari undirib berilgan.

Teglar

Mavzuga oid