Abituriyentlarning 37 foizidan ko‘prog‘i minimal ball to‘play olmagan
Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt asosida esa 93,7 ballni tashkil etdi. O‘tgan o‘quv yilida mazkur ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan.
© gov.uzJoriy yilgi kirish imtihonlarida 233 935 nafar abituriyent 56,7 balldan past natija qayd etdi. Bu umumiy abituriyentlar sonining 37,54 foizini tashkil qildi.
Bu haqda 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida 2026–2027-o‘quv yili uchun oliy talim muassasalariga qabul jarayonlarining yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida vazirning birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi, deya xabar berdi Vaqt.uz muxbiri.
Joriy o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish maqsadida 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 389,1 ming nafari 56,7 balldan yuqori natija qayd etib, tanlovda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar o‘z to‘plagan ballidan kelib chiqib, oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanladi. Natijada 357,6 ming nafar abituriyent o‘z tanlovini amalga oshirdi.
Yakuniy mandat natijalariga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Ulardan 52,8 ming nafari davlat granti, 156,3 ming nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
O‘rtacha ballar o‘smoqda
Sardor Rajabovning ma’lum qilishicha, bu yil davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlarning o‘rtacha balli 134,6 ni tashkil etdi. To‘lov-kontrakt asosida qabul qilinganlarda esa o‘rtacha ko‘rsatkich 93,7 ball bo‘ldi.
Shuningdek, belgilangan imtiyozlar bo‘yicha alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida yana 20,5 ming nafar abituriyent talabalikka qabul qilindi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, minimal ballga yeta olmaganlar ulushining 46 foizdan 37,54 foizgacha qisqarishi qabul imtihonlarida past natija ko‘rsatayotganlar soni kamayib borayotganini ko‘rsatadi. Jumladan, bu ko‘rsatkich 2025 yilda 41 foiz, 2024 yilda 43 foiz, 2023 yilda esa 46 foizni tashkil etgan. Biroq hali ham har uch abituriyentdan bittasidan ko‘prog‘i belgilangan minimal chegaradan o‘ta olmagan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil abituriyentlar orasida eng katta talab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Milliy universitetiga to‘g‘ri kelgan.
Yo‘nalishlar kesimida esa «Davolash ishi» yetakchilik qilgan. Shuningdek, «Iqtisodiyot» hamda «Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili» yo‘nalishlari ham abituriyentlar tomonidan eng ko‘p tanlangan yo‘nalishlar qatoridan joy olgan.





