«Aholimiz o‘rgangan va nasibasini topayotgan joylar o‘zgarsa, albatta, bezovta bo‘ladi» — poytaxt hokimi
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilayotgani, biroq ularning birortasi yopilmasligi yoki o‘z funksiyasini yo‘qotmasligini ma’lum qildi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaToshkentdagi 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda. Shahar hokimi ularning birortasi yopilmasligi, ammo mavjud bozorlar zamonaviy talablar asosida o‘zgartirilishini ma’lum qildi.
Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov «O‘zA»ga bergan intervyusida gapirdi.
Bozorlar o‘zgarishi aholini bezovta qilishi mumkin
Hokimning ta’kidlashicha, aholi bozorlarning o‘zgarishidan xavotirga tushishi tabiiy. Chunki bu joylar nafaqat savdo nuqtasi, balki ko‘plab odamlar uchun tirikchilik manbai ham hisoblanadi.
«Aholimiz o‘rgangan va nasibasini topayotgan joylar o‘zgarsa, albatta, bezovta bo‘ladi, ammo aytish lozimki, hozirgi bozorlar ko‘rinishi bilan ham, biznes modeli bilan ham zamonaviy talablarga javob bermaydi», — dedi Shavkat Umurzoqov.
Shu sababli poytaxtdagi 35 ta davlat bozori va savdo majmuasini investorlarga taklif qilish rejalashtirilmoqda.
Biroq hokim bozorlarning yopilishi yoki o‘z vazifasini yo‘qotishi haqida gap yo‘qligini alohida ta’kidladi.
«Birorta bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi», — dedi u.
Investorlarga uchta shart qo‘yiladi
Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, investorlarga uchta asosiy shart belgilanadi.
Birinchidan, ular belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy shaklda qurib, davlatga topshirishi kerak. Ikkinchidan, bozorda faoliyat yuritayotgan mavjud tadbirkorlarning ish o‘rinlari saqlab qolinadi. Uchinchi shart esa yetarli sig‘imdagi avtoturargohlarni barpo etish bilan bog‘liq.
Bunda investorlar bozorning samarasiz foydalanilayotgan maydonlarida savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlarini qurish huquqini oladi.
«Ekobozor» tajribasi namuna sifatida keltirildi
Hokimning aytishicha, «Ekobozor» tajribasi bunday modelning ishlashini ko‘rsatgan.
Shuningdek, u xorijdagi misollarga ham to‘xtaldi. Rotterdamdagi Markthal va Lissabondagi Time Out Market loyihalarida bozorning asosiy vazifasi saqlab qolingan holda, ular shaharning gavjum va jozibador nuqtalariga aylangan.
Umurzoqovning fikricha, Toshkentdagi bozorlar ham milliy muhitini va asosiy savdo funksiyasini saqlagan holda zamonaviy talablar asosida rivojlanishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz potaxtdagi sotuvga qo‘yilgan 35 ta bozorlar ro‘yxatini ma’lum qilgan edi.





