«Apple» yangi «Siri»ni sun’iy intellekt bilan alohida ilova sifatida chiqaradi – «Bloomberg»
«Siri» iyun oyida namoyish etiladi. Ovozli yordamchi chat formatda – «ChatGPT» va boshqa assistentlar kabi ishlaydi.

«Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, «Apple» sun’iy intellekt bilan yangilangan «Siri»ni katta miqyosda modernizatsiya qilgandan so‘ng alohida ilova sifatida chiqaradi. Shuningdek, kompaniya «Ask Siri» deb nomlanadigan yangi funksiyani qo‘shishni rejalashtirmoqda, u orqali assistentga to‘g‘ridan to‘g‘ri tizim ilovalari ichidan murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Yangi imkoniyatlar iyun oyida namoyish etilishi kutilmoqda. Tahlilchilar bu sun’iy intellekt yangiligini kompaniya aksiyalari o‘sishi uchun ehtimoliy katalizator deb baholamoqda, chunki hozirda «Apple» bu yo‘nalishda raqobatchilardan ortda qolmoqda.
«Siri» uchun yangi interfeys
«Apple» yangi modelga o‘tish doirasida «iPhone», «iPad» va «Mac» uchun alohida «Siri» ilovasini sinab ko‘rmoqda. Uning ishga tushirilishi joriy yilning keyinroq davriga rejalashtirilgan. Ilova tashqi SI-xizmatlariga raqobat qiladi va foydalanuvchining o‘zaro aloqalar tarixi uchun yagona markaz vazifasini bajaradi», deb yozadi «Bloomberg» manbalariga tayanib.
«Ask Siri» funksiyasi kompaniya ekotizimi bo‘ylab ishlaydi. Masalan, foydalanuvchi matndagi ma’lumotni ajratib olib qo‘shimcha tushuntirish so‘rashi yoki bog‘liq elektron xatlarni ochishi mumkin bo‘ladi. Bu funksiya mexanizmi jihatidan «iPhone»dagi «ChatGPT» ilovasiga o‘xshash bo‘ladi.
Shu bilan birga, «Apple» «Siri» uchun chat-botga o‘xshash yangi interfeys yaratmoqda. Asosiy o‘zgarish – foydalanuvchi bilan matn va ovoz orqali dialog shaklida muloqot qilish imkoniyati. Bu hozirgi «Siri»dan jiddiy farq qiladi, chunki u to‘liq suhbatni qo‘llab-quvvatlamaydi.
«Apple», shuningdek, «Spotlight» qidiruv tizimini «Siri» bilan almashtirish ustida ishlamoqda. Yangi birlashgan interfeys orqali foydalanuvchi bir joyda mahalliy kontentni qidirishi va kengroq so‘rovlar berishi mumkin bo‘ladi.
Yangilangan «Siri» internetdan yanada to‘liq javoblar, masalan, qisqacha xulosalar, ro‘yxatlar va rasmlar bilan taqdim etadi. Bu «Apple»ga «Google Gemini» va «Perplexity» kabi AI-qidiruv xizmatlari bilan raqobat qilish imkonini beradi. Shuningdek, u «Apple News» asosida kunlik yangiliklar sharhini ham tayyorlab bera oladi.
Yangi versiya 8-iyun kuni «WWDC» konferensiyasida, «iOS 27» va «macOS 27» bilan birga namoyish etilishi kutilmoqda. Loyiha hali ishlab chiqish bosqichida. Ilgariroq va’da qilingan ba’zi funksiyalar, masalan, shaxsiy ma’lumotlarga kirish va ekran kontekstini tushunish kuzgacha tayyor bo‘lmasligi mumkin.
«Apple» yangi o‘sish omillarini izlamoqda
«Bernstein» fevral oyida ovozli yordamchi «Siri 2.0»ning debyutini 2026-yilda kompaniya aksiyalari uchun «iPhone» sotuvlari yoki xotira chiplari narxlarining o‘sishidan ham muhimroq drayver bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
«Ular ikki yil kech qolishdi. Bu yil ular albatta nimadir ko‘rsatishi kerak», – degan o‘shanda tahlilchi Mark Nyuman.
Jahon smartfon bozorining pasayishi va xotira komponentlari narxining o‘sishi fonida «Apple» yangi o‘sish omillarini izlamoqda, deb yozadi «MarketWatch». «Morgan Stanley» va «Bank of America» tahlilchilari mart oyida bu omillardan biri sifatida kompaniya joriy yilda taqdim etishi kutilgan birinchi buklanadigan «iPhone»ni ham ko‘rsatgan.
«Morgan Stanley» baholariga ko‘ra, «Apple» buklanadigan qurilmalar orqali 18 oy ichida 40–60 milliard dollar daromad olishi mumkin va ushbu bozor 2027-yilgacha ikki barobar o‘sishi kutilmoqda. Xotira chiplari narxi bosimiga qaramay, talab yuqori qolmoqda: «AlphaWise» so‘roviga ko‘ra, dunyo bo‘ylab «iPhone» foydalanuvchilarining 27 foizi va Xitoyda 40 foizi buklanadigan modellarga «juda qiziqadi».
Aksiyalar holati
«Apple» aksiyalari 25-mart premarketda 0,8 foizga oshgan. 2026-yil boshidan beri esa ular 7 foizga tushgan.
Shunga qaramay, kompaniyani kuzatuvchi tahlilchilarning aksariyati aksiyalarni sotib olishni tavsiya qilmoqda:
35 ta «Buy / Overweight» reyting
15 ta «Hold» («ushlab turish»)
2 ta «Sell» («sotish»)
Tahlilchilarning o‘rtacha maqsadli narxi – 298,8 dollar bo‘lib, bu oxirgi yopilish narxidan 19 foizga yuqori hisoblanadi.





