Logo

Avgustda so‘m rekord darajada mustahkamlandi: dollar kursi qanday o‘zgardi?

Avgust oyida rubl dollarga nisbatan 7,2 foizga qadrsizlanib, eng tebranuvchan valuta bo‘ldi. So‘m esa aksincha, 1,7 foizga mustahkamlanib, shu yildagi eng yuqori oylik natijani qayd etdi.

Avgustda so‘m rekord darajada mustahkamlandi: dollar kursi qanday o‘zgardi? © Ijtimoiy tarmoqlar

Avgust oyida so‘mning dollarga nisbatan 1,7 foizga mustahkamlanishi 2026 yildagi eng yuqori oylik o‘sish bo‘ldi. Boshqa asosiy valutalarda ham dollar kursiga nisbatan sezilarli o‘zgarishlar qayd etildi.

So‘m avgustda eng yuqori darajada mustahkamlandi

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ma’lumotlariga ko‘ra, shu yil avgust oyida so‘m AQSH dollariga nisbatan 1,7 foizga mustahkamlangan. Bu yil davomida qayd etilgan eng yirik oylik mustahkamlanish hisoblanadi.

Avgust oyida tanlab olingan 39 ta valutaning 25 tasi dollarga nisbatan o‘z qiymatini oshirgan.

1

Manba: Mirkonomika


Eng yuqori mustahkamlangan valuta Janubiy Koreya voni bo‘lib, u bir oyda dollarga nisbatan 4,5 foizga kuchaygan. Aksincha, eng katta qadrsizlanish Rossiya rublida kuzatilgan — rubl bir oy ichida dollarga nisbatan 7,2 foiz qiymatini yo‘qotgan.

Qozog‘iston tengesi esa avgust oyida dollarga nisbatan 2,1 foizga mustahkamlangan.

Shuningdek, yirik valutalarning barchasi avgust oyida dollarga nisbatan mustahkamlangan.

Yil boshidan beri vaziyat qanday?

Yil boshidan buyon tanlab olingan 39 ta valutaning 16 tasi dollarga nisbatan mustahkamlangan, 19 tasi esa qadrsizlangan.

2

Manba: Mirkonomika

Bu davrda ikki yirik energiya eksportchisi davlat — Qozog‘iston va Rossiya valutalari qarama-qarshi natija ko‘rsatgan. Xususan, yil boshidan beri tenge dollarga nisbatan 7,9 foizga mustahkamlangan bo‘lsa, rubl 10,5 foizga qadrsizlangan.

So‘m esa yil boshidan buyon dollarga nisbatan 1,9 foizga mustahkamlangan.

So‘mning tebranuvchanligi ham kamaygan

Avgust oyida so‘mning kunlik o‘rtacha tebranuvchanligi 0,3 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich iyul oyiga nisbatan 14,3 foizga qisqargan.

2025 yilning mos davri bilan taqqoslaganda esa so‘mning kunlik o‘rtacha tebranuvchanligi qariyb 40 foizga kamaygan. O‘tgan yil avgustida bu ko‘rsatkich 0,49 foiz bo‘lgan.

Boshqa valutalar bilan solishtirganda, so‘m avgust oyida o‘rtacha tebranuvchan valutalardan biri bo‘lgan.

3

Manba: Mirkonomika

Eng yuqori kunlik tebranuvchanlik rublga to‘g‘ri kelgan — 0,74 foiz. Tengeda bu ko‘rsatkich 0,37 foiz bo‘lgan.

Shu bilan birga, so‘mning kunlik tebranuvchanligi Shveysariya franki (0,29 foiz), yevro (0,2 foiz) va funt sterling (0,2 foiz) kabi yirik valutalarnikidan yuqori shakllangan.

Teglar

Mavzuga oid