Logo

BAA dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellektni maktab dasturiga kiritdi

Bugun 19:364 daqiqa

Birlashgan Arab Amirliklari maktablarida sun’iy intellekt majburiy fan sifatida o‘qitiladi.

BAA dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellektni maktab dasturiga kiritdi

Birlashgan Arab Amirliklari maktabgacha ta’limdan tortib 12-sinfgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sun’iy intellektni majburiy fanga aylantirgan ilk davlat bo‘ldi. Bunda yondashuv bolalarga texnologiyadan shunchaki foydalanishni emas, balki uning qanday ishlashi, qayerda xato qilishi hamda undan qachon foydalanish kerakligini o‘rgatishga qaratilgan.

«Rest of World» nashrining yozishicha, BAAning bu tajribasi butun dunyoda bolalarga sun’iy intellektni qaysi yoshdan va qanday shaklda o‘rgatish kerakligi ustida bahs-munozaralar avj olgan bir paytda amalga oshmoqda.

Bolalarga sun’iy intellekt qanday o‘rgatiladi?

Dubaydagi «Dubai Schools Al Khawaneej» maktabida boshlang‘ich (1-3) sinf o‘quvchilaridan generativ sun’iy intellektdan mustaqil foydalanish talab etilmaydi. Buning o‘rniga o‘qituvchilar ularga texnologiyaning mohiyatini turli suhbatlar, hikoyalar va o‘yinlar orqali tushuntiradi.

Masalan, dars davomida o‘qituvchi sun’iy intellekt bergan noto‘g‘ri ma’lumotni ko‘rsatib, o‘quvchilardan xatoni topishni so‘rashi mumkin. Boshqa bir mashg‘ulotda esa o‘qituvchi o‘zini robotdek tutib, bolalardan unga aniq ko‘rsatmalar berishni talab qiladi. Bu orqali o‘quvchilar mashinalar berilgan buyruqlarga qanday munosabat bildirishini anglab yetadi.

Maktab rahbariyatining ta’kidlashicha, asosiy maqsad bolalarni ma’lum bir texnologiyaga qaram qilish emas, aksincha, ularda sun’iy intellektning imkoniyatlari va cheklovlarini tushunish ko‘nikmasini shakllantirishdir.

Maktab direktori Jeyms Effordning aytishicha, ta’lim dasturi doirasida o‘quvchilar maktabda ommaviy ChatGPT hisoblaridan foydalanmaydi. Qolaversa, dastur biror-bir aniq sun’iy intellekt modeliga yoki maxsus qurilmaga bog‘lab qo‘yilmagan.

22 ming nafar o‘qituvchini tayyorlash rejasi

BAA hukumati sun’iy intellektni ta’limga joriy etish bilan birga, pedagoglarning malakasini oshirishni ham maqsad qilgan. Rejaga ko‘ra, 22 ming nafar o‘qituvchi dars o‘tish, bilimlarni baholash, o‘quv dasturlarini tahlil qilish va dars ishlanmalarini tuzishda sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatiladi.

Dubayning Bilim va inson taraqqiyoti boshqarmasi ta’limda raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha keng qamrovli siyosat ishlab chiqmoqda. Boshqarma o‘z oldiga o‘quvchilarni tez o‘zgarayotgan texnologik muhitga tayyorlash va shaxsiylashtirilgan ta’limni rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.

Sun’iy intellektdan ayrim o‘quvchilar uchun ta’lim materiallarini yanada tushunarli qilish maqsadida ham foydalanilmoqda. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu texnologiya murakkab matnlarni soddalashtirish, ingliz tilini o‘rganayotgan bolalar uchun materiallarni tarjima qilish va yangi lug‘atlar tuzishda qo‘l kelmoqda.

Texnologiyadan foydalanish qat’iy cheklovlar asosida kechadi

BAA maktablarida sun’iy intellektning joriy etilishi bolalar undan istalgancha foydalanishi mumkinligini anglatmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, maktablarda ilovalar qat’iy nazoratga olingan va maxsus xavfsizlik filtrlari o‘rnatilgan. Kichik yoshdagi o‘quvchilar sun’iy intellekt bilan bevosita juda kam ishlaydi. Yuqori sinf o‘quvchilari esa faqat maktab tomonidan tasdiqlangan ayrim ilovalardangina cheklangan tartibda foydalana oladi.

Bu dasturni amaliyotga tatbiq etishda o‘qituvchilarning tayyorgarligi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xususan, «Dubai Schools Al Khawaneej» maktabida pedagoglar dastlabki o‘quv kurslari, muntazam yo‘riqnomalar, dars qo‘llanmalari va tayyor so‘rov namunalari bilan ta’minlanadi. Texnologiyadan foydalanish samaradorligi esa dars kuzatuvlari, o‘quvchilarning ishlari va o‘qituvchilarning fikrlari asosida baholab boriladi.

Ota-onalarni nima tashvishga solmoqda?

Albatta, bu yangicha yondashuv hamma savollarga ham to‘liq javob bergani yo‘q. Ayrim ota-onalar ta’lim dasturiga sun’iy intellektning kiritilishi borasida ular bilan oldindan maslahatlashilmaganini bildirgan. Biroq shunga qaramay, ular texnologiyaning maktablarda o‘rgatilishiga ijobiy munosabatda bo‘lgan.

Ota-onalarni asosan bolalarning qurilmalar qarshisida qancha vaqt sarflashi, internet xavfsizligi, shaxsiy ma’lumotlarning daxlsizligi va maktablarda aynan qaysi dasturlardan foydalanilishi kabi masalalar qiziqtirmoqda.

«AI Safety Asia» tashkiloti hammuassisi Edvard Soyning fikricha, bolalar murakkab vazifalarni sun’iy intellekt yordamida osonlashtirishga o‘rganishdan avval, ularda mustaqil fikrlash va muammolarni hal etish ko‘nikmalari shakllangan bo‘lishi kerak. U sun’iy intellekt haqida tushuncha berish bilan bolaning qo‘liga tayyor vositani tutqazib qo‘yish o‘rtasida aniq chegara bo‘lishi shartligini ta’kidlagan.

BAA tajribasini boshqa davlatlarda ham qo‘llash mumkinmi?

Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida bolalarga sun’iy intellektni o‘rgatish bo‘yicha yagona yondashuv yo‘q. BAA va Xitoy bu yo‘nalishni milliy ustuvor vazifalar qatoriga qo‘shayotgan bir paytda, ayrim G‘arb davlatlari ko‘proq bolalarni texnologiyaning ehtimoliy salbiy ta’sirlaridan himoya qilishga urg‘u bermoqda.

Masalan, Nyu-York shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalari va sakkizinchi sinfgacha bo‘lgan davlat maktablarida o‘quvchilarning generativ sun’iy intellektdan foydalanishiga bir yillik taqiq joriy etilgan. Bu qaror birinchi navbatda bolalarning ruhiy salomatligini asrash maqsadida qabul qilingan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, BAA tajribasini boshqa davlatlarga to‘liq ko‘chirish biroz murakkab. Sababi, har bir mamlakatning moliyaviy imkoniyati, ta’lim tizimi va malakali pedagoglar bilan ta’minlanganlik darajasi turlicha.

BAA misolida ko‘rish mumkinki, sun’iy intellektni maktab ta’limiga olib kirish shunchaki yangi texnologiyadan foydalanishni o‘rgatishdan iborat emas. Bu jarayonda o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi, o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligi, bolalar xavfsizligi va ota-onalarni to‘g‘ri xabardor qilish kabi muhim masalalar birinchi o‘ringa chiqadi.

 

Teglar

Mavzuga oid