Logo

Binoni kadastrdan o‘tkazishda qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi — Soliq qo‘mitasi

Bugun 12:252 daqiqa

Yangi qurilgan noturar joy obyektlarini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘zi QQS yoki foyda solig‘ini hisoblash uchun asos bo‘lmaydi. Soliq qo‘mitasi qo‘shimcha soliq faqat ko‘chmas mulk realizatsiya qilingan holatlarda qo‘llanilishini ma’lum qildi.

Binoni kadastrdan o‘tkazishda qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi — Soliq qo‘mitasi © Davlat soliq qo'mitasi

Iqtisodchi Otabek Bakirov Toshkent shahrida yangi qurilgan noturar joy obyektlarini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishda ayrim tadbirkorlarga bozor qiymatidan kelib chiqib qo‘shimcha qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va foyda solig‘i hisoblanayotganini tanqid qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Soliq qo‘mitasi masalaga rasmiy munosabat bildirib, bunday yondashuv soliq qonunchiligiga mos emasligini ma’lum qildi.

Bakirovning ta’kidlashicha, tadbirkorlarga bino sotilganida emas, balki u kadastr hisobiga qo‘yilayotgan bosqichdayoq bozor bahosidan kelib chiqib qo‘shimcha soliq to‘lash talabi qo‘yilmoqda.

«Taxminan bir yarim oy avval ko‘chmas mulk bozor narxidan 20 foizdan ortiq arzon narxda sotilgan taqdirda soliq bazasini bozor qiymatiga moslashtirishni nazarda tutuvchi hukumat qarori qabul qilingan. Biroq Soliq kodeksining 248-moddasi hamda mazkur qarorda soliq organlari faqat realizatsiya, ya’ni bitim amalga oshirilgan hollarda bozor narxidan kelib chiqib soliq bazasiga tuzatish kiritishi mumkinligi belgilangan», – deydi iqtisodchi.

Misol tariqasida Chilonzorda qurilgan 1000 kvadrat metrlik bino qurilishiga tadbirkor 1 mln dollar sarflagani, biroq shunga o‘xshash obyektning bozor narxi 2 mln dollar bo‘lishi mumkinligi keltirilgan.

Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, bino hali sotilmagan va faqat ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan paytda ushbu 1 mln dollarlik farqdan 12 foizlik QQS hamda 15 foizlik foyda solig‘i talab qilinishi qonunchilikka zid.

Soliq qo‘mitasidan munosabat

Soliq qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan izoh berib, yangi qurilgan obyektni kadastr ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘zi QQS yoki foyda solig‘ini hisoblash uchun asos bo‘lmasligini bildirdi.

Soliq kodeksiga muvofiq, QQS faqat realizatsiya operatsiyasi mavjud bo‘lganda hisoblanadi. Qurilgan ko‘chmas mulk obyektini kadastr hisobida ro‘yxatdan o‘tkazishning o‘zi realizatsiya hisoblanmaydi, shu sababli QQS bo‘yicha soliq bazasi ham yuzaga kelmaydi.

Xuddi shunday, foyda solig‘i bo‘yicha ham obyektni faqat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish faktining o‘zi qo‘shimcha soliq hisoblash uchun asos bo‘la olmaydi.

Qo‘mita 2026 yil 18-maydagi Vazirlar Mahkamasining 253-son qarori faqat ko‘chmas mulk realizatsiya qilinganda, ya’ni bitim tuzilganda hisob hujjatlaridagi narx bozor qiymatidan sezilarli farq qilgan holatlarga nisbatan qo‘llanishini ta’kidladi.

Ushbu tartib yangi qurilgan obyektni oddiygina kadastr hisobiga qo‘yish holatiga tatbiq etilmaydi.

«Shu bois, agar tadbirkor bino qurib, uni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazayotgan bo‘lsa, biroq hali realizatsiya qilmagan bo‘lsa, obyektning bozor qiymati bilan qurilish xarajatlari o‘rtasidagi farq QQS yoki foyda solig‘ini qo‘shimcha hisoblash uchun asos bo‘la olmaydi», – deyiladi xabarda.

Soliq qo‘mitasi yangi qurilgan obyektlarni faqat kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish faktiga asosan qo‘shimcha soliqlar hisoblash bo‘yicha topshiriqlar berilmaganini ham qayd etgan.

Agar tadbirkorlardan qo‘shimcha soliq to‘lash talab qilinsa, Soliq qo‘mitasiga murojaat qilishlari mumkin. Qo‘mita har bir murojaat o‘rganilib, qonunbuzilish holati tasdiqlansa, tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid