Logo

«Brasserie Park» terassasi egallagan yo‘lak demontaj qilindi

Bugun 12:012 daqiqa

Poytaxt hokimligi restoranning yozgi terassasi yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, piyodalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan holatlarni aniqladi. Avvalroq restoran vakili va kurer o‘rtasidagi janjal aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.

«Brasserie Park» terassasi egallagan yo‘lak demontaj qilindi © Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimligi Mirobod tumanidagi Moviy gumbazlar bog‘ida joylashgan «Brasserie Park» restoranining yozgi terassasini demontaj qildi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, hududdan foydalanish va piyodalarning erkin harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvda qoidabuzarliklar aniqlangan.

Tekshiruvlar restoran vakili bilan kurer o‘rtasidagi janjal aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng o‘tkazilgan.

«Tekshiruv yakunlariga ko‘ra qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Hudud qonunchilik talablariga muvofiq holga keltirildi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Hokimlik piyodalarning qulayligi va xavfsizligi shahar muhitini tashkil etishdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, jamoat joylari aholi uchun ochiq bo‘lib qolishi shartligi qayd etildi.

Kurer bilan janjal

Toshkent shahar IIBB ham ushbu voqea yuzasidan munosabat bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 17-oktabr kuni soat 13:00 atrofida S.R. va voyaga yetmagan M.Y. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda restoran vakili kurer bilan tortishayotgani aks etgan, bunga esa kurerning restoranning piyodalar o‘tish yo‘lagida joylashgan terassasidan skuter bilan o‘tgani sabab bo‘lgan. Restoran vakili kurerga qo‘pol so‘zlar bilan skuterini yetaklab yurishi kerakligini aytgan, kurer esa buni to‘g‘ri tushuntirish mumkinligini bildirib, uzr so‘ragan.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, holat bo‘yicha S.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, ya’ni mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Teglar

Mavzuga oid