«Chiqqan odam kasal bo‘ladi, tanish-bilishsiz bilet ololmaysan» — Surxondaryo hokimi
Surxondaryo hokimi Ulug‘bek Qosimov temir yo‘l, aviaqatnov va shaharlararo transportdagi muammolarni keskin tanqid qilib, mas’ullarga ularni bir hafta ichida bartaraf etishni topshirdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyat aholisini Toshkent bilan bog‘lovchi avtomobil va temir yo‘l qatnovidagi sharoitni keskin tanqid qildi. U shaharlararo poyezdlarda sovitish tizimi ishlamasligi, vagonlar odamga to‘lib ketishi va bilet topish qiyinligini aytdi.
Hokimning ta’kidlashicha, M39 yo‘lining Boysundan keyingi qismida harakatlanish qiyinlashgan. Bu holat taksi va avtobus haydovchilariga ham qiyinchilik tug‘dirmoqda. Temir yo‘lda esa yo‘lovchilar uchun zarur sharoitlar yetarli emas.
«Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor, na bilet bor, na vokzalda sharoit bor. Sarosiyoga qatnaydigan, Termizdan shaharlararo poyezdlarga odam tashib bo‘lmaydi», — dedi Qosimov.
Biletlar bo‘yicha tanqid
Hokim aviabiletlar narxi oshganini ham tanqid qildi. Uning aytishicha, ayrim holatlarda biletni tanish-bilishsiz topish qiyin, onlayn sotuvda esa shaffoflikni ta’minlash zarur.
«Umuman tanish-bilishsiz bilet topib bo‘lmaydi», — dedi viloyat rahbari. U bilet narxlarini va kompaniyalar qo‘yayotgan ustamalarni monopoliya tashkiloti tomonidan to‘liq tahlil qilishni talab qildi.
Qosimov, shuningdek, vokzal va aeroportlardagi xizmatlar sifatini ham tanqid qildi. Sariosiyoga qatnaydigan poyezdlar va vokzallarda yo‘lovchilar uchun munosib sharoit yaratilishi kerakligini ta’kidladi.
Bir hafta muddat berildi
Viloyat hokimi mas’ullarga Toshkentga qatnaydigan shaharlararo poyezdlar va Sariosiyo yo‘nalishidagi tarkiblarni bir hafta ichida to‘liq tekshirish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni topshirdi.
«Keyingi hafta dushanba kuni ertalab vokzalga boraman. Vagonni birma-bir, Toshkentga ketadigan tarkibni ham to‘liq tekshirib, hammasi bilan jihozlattirasizlar», — dedi u.
U aeroportlar, aerovokzallar, hojatxonalar, yuk tashish xizmati va boshqa infratuzilma obyektlarini ham tekshirishni buyurdi. Biletlar onlayn tarzda shaffof e’lon qilinishi, sun’iy to‘siqlar va vositachilik holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini bildirdi.





