Davlat xaridlarida 7,2 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi

Bugun 12:252 daqiqa

Eng yirik qonunbuzilishlar Farg‘ona, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi davlat tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Davlat xaridlarida 7,2 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi © stock

Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 7,2 milliard so‘mdan ortiq qiymatga ega tender va tanlov savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, holatlar monitoringlar hamda kelib tushgan murojaatlar asosida tekshirilgan.

Aniqlanishicha, bir qator buyurtmachi tashkilotlar va tanlov ishtirokchilari tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmagan. Xususan, savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar kuzatilgan.

Eng yirik holatlar Farg‘ona va Surxondaryoda

Toshkent shahrida «Ma’no» MCHJ tomonidan o‘tkazilgan qariyb 988 million so‘mlik savdo tekshiruvga tushgan.

Surxondaryo viloyatida esa bir nechta ta’lim muassasalari bilan bog‘liq holatlar qayd etildi. Jumladan, Sho‘rchi tumanidagi 125-sonli «Nurli maskan» ta’lim muassasasining 1,1 milliard so‘mlik, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 371 million so‘mlik hamda 68-sonli maktab-internatning 226 million so‘mlik xaridlari o‘rganildi.

Farg‘ona viloyatidagi Quva tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli ikki tenderda esa 2,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Qator tashkilotlarga chora ko‘rildi

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Guliston tuman Obodonlashtirish boshqarmasining 1 milliard so‘mlik, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar sport maktab-internatiga tegishli 364 million so‘mlik hamda Andijon viloyati Baliqchi tumani 2-son texnikumining 800 million so‘mlik davlat xaridlari ham tekshiruvga tushgan.

Qo‘mita hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan ushbu tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilgan. Natijada qonunbuzilishlarni bartaraf etish, ayrim holatlarda moliyaviy jarimalar qo‘llash va materiallarni huquqiy baho berish uchun tegishli idoralarga yuborish choralari ko‘rilgan.

Davlat xaridlarida nazorat kuchaytiriladi

Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash va tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

Qo‘mitaga ko‘ra, bunday qonunbuzilishlarning oldini olish davlat mablag‘larining shaffof va samarali sarflanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, kelgusida shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha buyurtmachi tashkilotlarga majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

Teglar

Mavzuga oid