Firibgarlik kreditlari uchun yangi qoidalar
O‘zbekistonda firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kreditlar bo‘yicha to‘lov undirish bekor qilinib yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda onlayn kreditlar sohasida fuqarolarni moliyaviy himoya qilishga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, fuqaro nomiga firibgarlar tomonidan rasmiylashtirilgan onlayn kreditlar bo‘yicha barcha to‘lovlarni undirish bekor qilinadi. Mazkur o‘zgarishlar Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan tasdiqlanib, 22-apreldan kuchga kiradi.
Yangi qoidalarga asosan, agar onlayn kredit firibgarlik orqali rasmiylashtirilgani aniqlansa, ushbu qarz bo‘yicha foizlar, neustoyka va jarimalarni hisoblash ham to‘xtatiladi. Bu esa fuqarolarni asossiz qarz yukidan himoya qilishga xizmat qiladi.
Jabrlanuvchilar nima qilish kerak?
Firibgarlik qurboni bo‘lgan shaxs birinchi navbatda ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Ushbu ariza asosida tegishli organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari amalga oshiriladi.
Agar tekshiruv natijasida onlayn kredit haqiqatan ham firibgarlik natijasida rasmiylashtirilgani tasdiqlansa, fuqaro jabrlanuvchi sifatida rasman e’tirof etiladi. Shu haqdagi qaror kredit tashkilotiga yuboriladi.
Qarz undirish qachon to‘xtaydi?
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan qabul qilingan qaror kredit tashkilotiga yetkazilgan kundan boshlab, onlayn kredit bo‘yicha barcha hisob-kitoblar va undirish jarayonlari darhol to‘xtatiladi.
Bu tartib nafaqat asosiy qarzga, balki u bilan bog‘liq barcha foizlar va jarimalarga ham tegishli bo‘ladi. Shu tariqa, jabrlangan shaxsdan ortiqcha mablag‘ talab qilinmaydi.
Undirilgan pullar qaytariladi
Agar fuqarodan avval onlayn kredit bo‘yicha pul mablag‘lari undirilgan bo‘lsa, ular sud qaroriga asosan qaytariladi. Qaytarish jarayoni sud qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin 15 kun ichida amalga oshirilishi shart.
Mablag‘lar fuqaroning bank kartasiga yoki u ko‘rsatgan hisobvaraqqa o‘tkaziladi. Bu tartib orqali jabrlangan shaxsning moliyaviy huquqlari tiklanadi.
Zarar firibgardan undiriladi
Kredit tashkilotlari yetkazilgan moddiy zararni firibgar shaxsdan undirish uchun sud jarayonlarida faol ishtirok etadi. Ular fuqaroviy da’vogar sifatida qatnashib, zararni aybdor shaxsdan regress tartibida qoplashni talab qiladi.
Bu esa moliyaviy yo‘qotishlarning bank tizimi yoki fuqaro zimmasiga tushmasligini ta’minlashga qaratilgan.
Agar firibgarlik tasdiqlanmasachi?
Tekshiruv natijasida firibgarlik holati tasdiqlanmagan taqdirda, kredit tashkiloti onlayn kredit bo‘yicha barcha hisob-kitob va undirish jarayonlarini qayta tiklaydi.
Shuningdek, kredit tashkiloti tekshiruv yoki sud qaroridan norozi bo‘lgan hollarda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Yangi xavfsizlik talablari joriy etildi
Yangi tartibga muvofiq, kredit va to‘lov tashkilotlariga qator qo‘shimcha talablar yuklatildi. Jumladan, har bir mobil ilovada “Firibgarlik haqida xabar berish” bo‘limi yaratilishi shart.
Shuningdek, foydalanuvchi nomidan shubhali harakatlar aniqlanganda, tizim avtomatik ravishda operatsiyalarni to‘xtatishi va foydalanuvchini SMS yoki PUSH-xabar orqali ogohlantirishi lozim.
Bundan tashqari, antifrod tizimlari, kiberxavfsizlik choralari va monitoring mexanizmlari kuchaytiriladi. Bank kartalariga bog‘liq SMS-xizmatlarni onlayn o‘zgartirish esa taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu nizom bilan aynan shu nizom bilan 22-apreldan mobil ilovalar yoki bank kartalariga biriktirilgan telefon raqami o‘zingizga tegishli bo‘lmasa, belgilangan muddatdan keyin ushbu raqam orqali ilovadan foydalanish imkoni cheklanishi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, endi 1 kunda faqat 1 ta bankdan onlayn kredit olish mumkinligi ham belgilandi.





