«Google»: sun’iy intellektimizni «o‘g‘irlashga» urinishdi
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, noma’lum shaxslar «Gemini» modelini klonlashga harakat qilgan. Ular tizimga 100 mingdan ortiq so‘rov yuborib, uning ishlash mantig‘ini hujum orqali qayta yaratishga uringan, ya’ni modelni uning o‘z «API»si orqali nusxalashga harakat qilingan.

«Google Threat Intelligence Group»ning choraklik hisobotida noma’lum shaxslar «Gemini» modelini klonlashga harakat qilgani ma’lum qilindi. «Google» buni intellektual mulk o‘g‘irligi deb atadi.
«Google» nima deyapti?
«Google» ta’kidlashicha, bunday harakatlar amalda intellektual mulkni o‘g‘irlash shakli hisoblanadi. Zararli shaxslar «Gemini»ni so‘rov qaysi tilda berilgan bo‘lsa, shu tilda fikriy mazmunning lisoniy xususiyatlarini saqlab qolishga majbur qilishga uringan. Bu esa modelning turli tillarda ishlash qobiliyatini qayta yaratishga yordam berishi mumkin edi.
Kompaniyaga ko‘ra, modellarni «chiqarib olish» (model extraction) urinishlari dunyo bo‘ylab ham xususiy tuzilmalar, ham tadqiqotchilar tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu esa servislardan foydalanish shartlarini buzadi va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
«Google» yolg‘iz emas
Model o‘g‘irligi muammosi faqat «Google»ni emas, boshqalarni ham tashvishga solmoqda. «OpenAI» AQSH qonun chiqaruvchilariga «DeepSeek» go‘yoki yetakchi amerikalik sun’iy intellekt modellarining natijalarini yashirin usullar orqali qo‘lga kiritib, o‘z tizimlarini o‘qitishda foydalanganini ma’lum qilgan.
Soha vakillari tan olishicha, modellarni «ekstraksiya qilish» yangi turdagi kibertahdidga aylanmoqda: endi hujumchilar infratuzilmani to‘g‘ridan to‘g‘ri buzish o‘rniga, katta xarajatli ilmiy tadqiqotlar orqali yaratilgan bilimlarni nusxalashga harakat qilmoqda.
Bundan tashqari, «Google» 2025 yil oxirida «Gemini»dan Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya va Rossiyaga aloqador davlat guruhlari foydalangan holatlarni qayd etganini bildirdi.
Kompaniya fikricha, sun’iy intellektni servis sifatida taqdim etayotgan tashkilotlar «API»ga kirish namunasini sinchkovlik bilan kuzatib borishi va model javoblari ustidan nazoratni kuchaytirishi zarur. Chunki sun’iy intellekt sohasidagi tahdidlar juda tez sur’atlarda rivojlanmoqda.





