«Ijodga investitsiya» jamg‘armasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda har yili 100 nafar iqtidorli yoshlar davlat mablag‘i hisobidan nufuzli xorijiy madaniyat va san’at muassasalarida tahsil oladi.
© Prezident matbuot xizmatiO‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslar e’lon qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 1-iyun kuni madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida har yili 100 nafar yoshning davlat hisobidan xorijiy madaniyat va san’at dargohlarida ta’lim olishi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Mazkur tashabbus milliy madaniyat va san’at sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, iqtidorli yoshlarning xalqaro tajriba va bilimlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Iste’dodlarga rag‘bat
Yig‘ilishda yosh iste’dodlar hamda ularning ustozlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator moliyaviy rag‘batlantirish choralari ham belgilandi.
Xususan, 1-sentabrdan boshlab respublika tanlovlari g‘oliblariga 100 million so‘mgacha mukofot puli beriladi. Nufuzli xalqaro tanlovlarda sovrindor bo‘lgan yoshlar esa 300 million so‘mgacha mukofot olishi mumkin.
Bundan tashqari, xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda ishtirok etish bilan bog‘liq barcha xarajatlar to‘liq qoplab beriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning xalqaro maydonlarda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Ularning ustoz va murabbiylari ham davlat e’tiboridan chetda qolmaydi. Belgilangan tartibga ko‘ra, ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustama to‘lanadi.
Yangi jamg‘arma
Sohada iqtidorlarni aniqlash va rivojlantirish tizimini kuchaytirish maqsadida «Ijodga investitsiya» jamg‘armasi tashkil etilishi ham ma’lum qilindi.
Ushbu jamg‘arma orqali yosh iste’dodlarni kashf etadigan, prodyuserlik faoliyatini rivojlantiradigan va ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydigan biznes tashabbuslarga mablag‘ ajratiladi.
Jamg‘arma faoliyati uchun har yili 200 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilangan. Shuningdek, e’lon qilingan imtiyoz va yengilliklar xususiy ijodiy guruhlarga ham tatbiq etiladi. Bu qarorlar madaniyat va san’at sohasida raqobatbardosh muhitni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





