Janubiy Koreya Markaziy Osiyodan neft import qilishga yaqin turibdi
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi xavotirlar ortib borayotgan bir paytda, Janubiy Koreya energiya xavfsizligini ta’minlash uchun energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda.
© Wealth ProfessionalJanubiy Koreya Qozog‘istondan neft xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi. Bu haqda Janubiy Koreya sanoat vaziri Kim Jung-Kvan mahalliy «KBS» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erishilgan va aniq hajm hamda shartlar kelasi hafta boshida e’lon qilinishi mumkin. Bu qadam Yaqin Sharqdagi urush fonida energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan.
Shu oy boshida prezident apparati rahbari Kang Hun-sik vanoat vaziri bilan birga Qozog‘istonga tashrif buyurib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi uzilishlar sabab neft va nafta ta’minotini ta’minlash masalalarini muhokama qilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, Qozog‘iston uzoq ko‘rinsa-da, u yerdan neft yetkazib berish vaqti AQSHdan keladigan yuklar bilan deyarli bir xil – taxminan 50–60 kunni tashkil qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreya energiya bo‘yicha deyarli to‘liq importga bog‘liq bo‘lib, neft xaridining 70 foizi Yaqin Sharq hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mamlakat o‘tgan oy Birlashgan Arab Amirliklaridan 24 million barrel neft yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuv olgan.
Qozog‘iston nefti va tenge
Yaqin Sharqda urush boshlanishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi ortidan neft narxi juda beqaror bo‘lib qolmoqda. Shu sharoitda «Deutsche Bank» tengeni kapitalni saqlash uchun jozibador valuta deb atadi. Bank Yaqin Sharqdan neft va gaz ta’minotidagi uzilishlar hamda neft narxining o‘sishi Qozog‘istonning joriy hisobiga darhol ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb hisoblamoqda. Qimmat neft milliy valutaning mustahkamlanishiga olib kelmoqda, biroq Eron bilan bog‘liq urush tufayli bozorlardagi noaniqlik «asabiylik»ni kuchaytirmoqda. «KASE»da Qozog‘iston valutasi kursining Erondagi mojaro boshlanganidan beri 503,9 tengedan 476,6 tengegacha o‘zgargani kuzatildi, ya’ni farq 5 foizdan ortiqni tashkil etdi.
Moliyaviy tahlilchi Andrey Chebotarev so‘zlariga ko‘ra, neft narxining keskin o‘zgarishi, Milliy jamg‘arma transfertlari va eksportchilar valuta tushumlarini sotishi tenge kursining yanada tebranishini kuchaytirishi mumkin.





