JCH-2026: O‘zbekistonlik futbol muxlisiga safar qanchaga tushadi?

Bugun 17:257 daqiqa

O‘zbekiston terma jamoasining ilk bor Jahon chempionatiga chiqishi katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy terma jamoani stadiondan turib qo‘llab-quvvatlash AQSH va Meksikaga safar qilish muxlislarga qanchaga tushishi mumiknligini ushbu maqoladan bilib oling.

JCH-2026: O‘zbekistonlik futbol muxlisiga safar qanchaga tushadi?

O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda birinchi bor futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga chiqqani, albatta, quvonarli hodisa. O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari orasida qancha pul ketishidan qat’iy nazar milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatdan 11 ming kilometr uzoqda joylashgan qit’aga borib, o‘yinlarga tushishni istovchilar ham topiladi. Xo‘sh, buning uchun o‘zi qancha mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi? To‘g‘ri, qancha xarajat qilish har kimning o‘z imkoniyat va ehtiyojiga bog‘liq, biroq biz taxminiy summani hisoblab ko‘rishimiz mumkin.

Guruh bosqichi o‘yinlari

Futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati qur’asiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi «K» guruhidan joy oldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichida Kolumbiya, Portugaliya Kongo Demokratik Respublikasi (Kongo DR) bilan kuch sinashadi:

JCH2026 01

Chiptalar xarid qilish

Ishni o‘yinlar uchun chipta xarid qilishdan boshlasak, chunki bu keyingi jarayonlarga bevosita bog‘liq. Chiptalarni sotib olishning asosiy yo‘li – «FIFA»ning rasmiy «Ticketing» portali hisoblanadi: (FIFA.com/tickets). Avvalgi lotereya bosqichlari yakunlangan bo‘lsa-da, «Last-Minute Sales Phase» 2026-yil 1-apreldan boshlangan. Ushbu bosqich «kim birinchi kelsa – o‘sha oladi» tamoyili asosida amal qiladi, ya’ni nominal narxda chipta olish uchun tez harakat qilish zarur.

O‘zbekiston terma jamoasining guruh o‘yinlari uchun chiptalar to‘rtta asosiy kategoriyaga bo‘lingan bo‘lib, rasmiy portal orqali ayrim kategoriyalar uchun narxlar 60 dollardan boshlanadi. Biroq yuqori darajadagi o‘yinlarga talab ortishi sababli bozor narxlari ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Toifalar:

1-toifa: Eng qimmat, stadionning markaziy va pastki qismlarida joylashgan o‘rinlar

2-toifa: Yon tomonlarda joylashgan, yaxshi ko‘rinishga ega o‘rta darajali o‘rinlar

3-toifa: Asosan yuqori qavatdagi o‘rinlar

4-toifa: Eng arzon chiptalar, odatda darvozalar ortida joylashgan

JCH2026 03

Agar rasmiy chiptalar limiti tugagan bo‘lsa, muxlislar uchun ikkita ishonchli yo‘l mavjud. Birinchisi – «FIFA Official Resale Marketplace». U 2026-yil 2-aprelda ochilgan bo‘lib, muxlislarga boshqa odamlar sotayotgan chiptalarni tartibga solingan narxlarda sotib olish imkonini beradi. Ikkinchisi – «StubHub» kabi ishonchli ikkilamchi platformalar. U yerda O‘zbekistonning barcha guruh o‘yinlari uchun chiptalar topish mumkin, jumladan rasmiy sotuvda qolmagan o‘rinlar ham bo‘ladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, guruh bosqichi o‘yinlari uchun chiptalar narxi «FIFA» tomonidan 4-kategoriyada taxminan 60 dollardan boshlanadi. Biroq O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy deyayut ishtiroki va Portugaliya hamda Kolumbiya milliy terma jamoalari kabi kuchli raqiblar bilan o‘yinlar tufayli qayta sotuv (resale) bozorida narxlar ancha yuqori:

  • Atlantadagi o‘yin: ~297 dollardan boshlanadi

  • Mexiko Sitidagi ochilish o‘yini: 600 dollardan yuqori

  • Ҳюстонdagi Portugaliyaga qarshi o‘yin: eng qimmat va narxlar o‘yin yaqinlashgan sayin yana o‘smoqda

Talab yuqori bo‘lgani sababli chipta narxlari bosqichma-bosqich oshib bormoqda.

Mehmondo‘stlik chiptalari

Jahon chempionati doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlari uchun mehmondo‘stlik chiptalari yuqori darajadagi xizmat va qulayliklarni taklif qiladi. Ushbu paketlar odatiy chiptalarga nisbatan ancha qimmat bo‘lib, premium o‘rinlar va lyuks xizmatlarni o‘z ichiga oladi.

Mehmondo‘stlik chiptalari paketlari:

  • «Single Match» (Bir o‘yin uchun) paketi: bir kishi uchun 1,400 dollardan boshlanadi. U eksklyuziv zallarga kirishni o‘z ichiga oladi.

  • «Follow My Team» paketi: O‘zbekistonning 3 ta guruh o‘yini + ehtimoliy 1/16 финал. Bu paketning narxi bir kishi uchun 6,750 dollardan boshlanadi.

  • «Venue Series» paketi: bitta stadionda bo‘ladigan barcha o‘yinlarga kirish mumkin. Narxi bir kishi uchun 8,275 dollardan boshlanadi

Ushbu variantlar asosan maksimal qulaylik, tez kirish, alohida xizmatlar va «VIP» muhitni xohlovchi muxlislar uchun mo‘ljallangan.

Viza olish

Chiptalar hal qilingan bo‘lsa, endi viza olishga navbat keldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichidagi o‘yinlari Meksika va AQSHda bo‘lib o‘tishi aniq. O‘zbekistonlik futbol muxlisining AQSH vizasini olishi Meksikaga kirish uchun ham yetarli hisoblanadi. Amaldagi, muddati o‘tmagan AQSH vizasi (yoki doimiy yashash ruxsati)ga ega bo‘lgan shaxslar turizm, biznes yoki tranzit maqsadida 180 kungacha Meksika vizasini alohida olishlari shart emas, chunki Meksika AQSH vizasining yuqori darajadagi xavfsizlik tekshiruvini tan oladi va uni amal qiluvchi ruxsat sifatida qabul qiladi. Bu siyosat turizm va mintaqaviy tranzitni soddalashtirishga qaratilgan.

2026 FIFA Jahon chempionati muxlislari uchun AQSH vizasi xarajatlari sezilarli darajada farq qiladi. Standart turist vizasi narxi 435 dollarни tashkil etadi (185 dollar to‘lov + 250 dollar yaxlitlik va chegara xavfsizligi yig‘imi).

Yaqinda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi futbol bo‘yicha JCH-2026 chiptasini xarid qilgan muxlislar uchun viza suhbatini kutish vaqtini qisqartirishga yordam beruvchi «FIFA PASS» (ustuvor yozilish tizimi) tartibiga oydinlik kiritdi. Ushbu dastur musobaqani bevosita stadiondan tomosha qilishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklar uchun viza olish jarayonidagi byurokratiyani biroz yengillashtirishni ko‘zlaydi. Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun muxlislar chiptani faqatgina Xalqaro futbol federatsiyasining rasmiy resursi – fifa.com/tickets sayti orqali sotib olgan bo‘lishi shart. Shundan so‘ng, shaxsiy kabinetda «FIFA PASS» dasturida ishtirok etish uchun rozilik shaklini yuborish kerak. Bunda ism-sharif va pasport raqami xorijga chiqish pasportidagi ma’lumotlar bilan to‘liq mos kelishini diqqat bilan tekshirish talab etiladi.

Rasmiy chipta xarid qilingach va tasdiqlangach, talabgor AQSH Davlat departamentining rasmiy viza portalida «DS-160» onlayn-anketasini to‘ldirishi lozim. Ariza to‘ldirish jarayonida ham pasport ma’lumotlari FIFA profilidagi axborot bilan bir xil bo‘lishi qat’iy talab etiladi.

Viza yig‘imi to‘langandan va muxlisda turnirga haqiqiy chipta borligi tizim orqali tasdiqlangandan so‘ng, arizachi suhbatga yozilish uchun ustuvor navbatga (tezlashtirilgan yo‘lakka) kirish huquqini qo‘lga kiritadi.

AQSH elchixonasi suhbatga yozilishning soddalashtirilgan tartibi standart xavfsizlik talablarini bekor qilmasligini alohida ta’kidladi. Ya’ni, Jahon chempionati chiptasining mavjudligi viza berilishini yuz foiz kafolatlamaydi. Yakuniy qarorni konsullik ofitseri shaxsiy suhbat davomida qabul qiladi. Shu bois, elchixona talabgorlarga anketada aniq va to‘g‘ri ma’lumot berishni hamda suhbat davomidagi savollarga tayyor turishni tavsiya qilmoqda.

Aviachipta

Viza ham hal bo‘lgach, samolyotga chipta olishni ham ko‘rib chiqsak bo‘ladi. O‘zbekiston milliy terma jamosining JCH-2026 dagi birichi o‘yini 18-iyun kuni Meksika poytaxtida Kolumbiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Meksikaga yetib borish uchun O‘zbekistondan to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘q.  Shuning uchun Istanbul, Doha yoki Nyu York orqali yetib borish mumkin. Narxlar ham har xil. 13-aprel kungi narxlarga qarasak, «Turkish Airlines»ning 16-iyundagi Toshkent-Istanbul-Mexiko reysi 15,4 mln so‘m turadi. Doha orqali uchish esa 10,7 mln so‘m. Biroq buning uchun Toshkentdan Dohagacha «Qatar Airways» aviakompaniyasi reysi bilan yetib olish, u yerda qayta ro‘yxatdan o‘tib, «American Airlines» bilan AQSHning Mayami shahriga, u yerdan esa yana shu aviakompaniyaning reysi bilan Mexikoga yetib borish mumkin. Nyu York orqali uchish narxi esa 17,4 mln so‘m turadi. Bu o‘z ichiga «Uzbekistan Airways» reysi bilan Nyu Yorkka uchish va u yerda qayta ro‘yxatdan o‘tib, «Viva Aerobus» aviakompaniyasining reysi bilan Mexikogacha yetib olishni o‘z ichiga oladi.

E’tiborli jihati shundaki, narxlar har kuni o‘zgarib turadi.

JCH2026 02

O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichidagi keyingi o‘yinlari AQSHning Hyuston (23-iyun) va Atlanta (28-iyun) shaharlarida Portugaliya va Kongo terma jamoalariga qarshi o‘tadi. Mexikodan keyin  O‘zbekistonning Portugaliyaga qarshi o‘yinini tomosha qilish uchun Hyuctonga borish esa 250-400 dollarga tushadi. Bir qancha aviakompaniyalarning Mexiko va Hyuston orasida qatnaydigan to‘g‘ridan to‘g‘ri reysi bor. Undan keyingi Kongo jamoasiga qarshi o‘yin Atlantada bo‘ladi. Hyustondan Atlantaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reslar bor va ularning narxi bugungi kunda 80 dollardan 180 dollargacha.

O‘zbekiston guruhdan chiqsa, o‘yinlar yana davom etishi mumkin. Biroq Atlantadagi o‘yindan so‘ng ortga qaytishni rejalashtirayotgan muxlislar eng arzoni 700 dollarga O‘zbekistonga yetib olishi mumkin. Biroq bu yo‘nalishda ko‘p samolyot almashtirishga to‘g‘ri keladi. Ortiqcha yugur-yugurlarsiz yo‘nalish esa «Turkish Airlines»ning Atlanta-Istanbul-Toshkent reysi bo‘lib, u taxminan 1300 dollar turadi.

Mehmonxona yoki ijara uy

Mexikodagi o‘yin bo‘lib o‘tadigan «Asteka» stadioni hududidagi turar joy 150 dollardan boshlanadi. Atlantada stadion yaqinidagi mehmonxona nomerlari narxi 700 dollardan va undan yuqori. Jefferson Park yaqinida arzonroq joy topish mumkin, bu yerdagi narxlar 250 dollardan boshlanadi. Hyustondagi mehmonxonalarga kelsak, stadion yaqinidagi joy narxlari 300 dollardan boshlanadi.

Umumiy xarajat

Yuqorida qayd etganimizdek, kim qancha xarajat qilishi uning o‘z cho‘ntagi va ehtiyojlariga bog‘liq. Shunga qaramasdan, hamma xarajatlarni o‘rtacha hisobda qo‘shib chiqsak, uchta o‘yinga tushish taxminan 1300 dollarga tushishi mumkin. Aviaparvozlar uchun chiptalar narxini esa o‘rtacha hisobda 2600 dollarga baholash mumkin.  Mehmonxonalar xarajatlarini qo‘shmaganda Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab quvvatlash uchun safar qilish bir odam uchun o‘rtacha hisobda 4,5-5 ming dollarga tushish mumkin. Orada paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlar bu summa ichiga kiritilmagan.

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 461

Barchasi

Mavzuga oid