Ko‘chalarga panjara o‘rnatilishi masalasida Toshkent shahar hokimiga deputatlik so‘rovi yuborildi
So‘rovda Toshkent ko‘chalariga o‘rnatilgan panjaralar xavfsizlikni yaxshilashi qanday aniqlangani, tahlil va maslahatlashuvlar o‘tkazilganmi-yo‘qmi, xavf tug‘dirishi tan olingan temir panjaralar nega qayta o‘rnatilayotgani so‘ralgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga deputatlik so‘rovi yubordi. Unda ko‘chalar markaziga yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralar o‘rnatish qanchalik asosli ekani yuzasidan tushuntirish talab qilingan.
Ma’lum qilinishicha, shahar hokimining 2025 yil 20-may va 21-iyuldagi qarorlariga muvofiq, panjaralar o‘rnatish uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasidan jami 8,4 mlrd so‘m ajratilgan. Mazkur qarorlar asosida ko‘chalar markazi va chetlarida temir to‘siqlar o‘rnatish ishlari boshlangan.
Deputat ta’kidlashicha, avval o‘rnatilib, keyin olib tashlangan amaliyotga qayta murojaat qilinishi jamoatchilik orasida e’tirozlarga sabab bo‘lgan. Partiya elektorati ham bu borada qator savollar bilan murojaat qilgan:
Toshkent shahri ko‘cha va yo‘llarida yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralar o‘rnatilishi harakat xavfsizligini ta’minlashga, piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qilishi qanday asoslangan?
Temir panjaralar va boshqa to‘siqlar o‘rnatish masalasida ekspertlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganmi, ularning fikrlari olinganmi? Bu borada ilmiy asoslangan va tahliliy ma’lumotlar mavjudmi?
Nima sababdan yana boshqatdan ko‘plab davlat mablag‘lari sarflanib, piyodalar va yo‘lovchilarga xavf tug‘dirishi tan olingan amaliyotga — yo‘nalishlarni ajratuvchi temir panjaralarni o‘rnatishga qaytilmoqda?
Aholi zich joylashgan va ko‘p harakatlanadigan ko‘chalarda piyodalar oson va tez kesib o‘tishini ta’minlash, piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Hozir o‘rnatilayotgan panjara to‘siqlar qaysi normativ-huquqiy asos va standartlar bo‘yicha loyihalangan va amalga oshirilmoqda? Bu kabi temir panjaralarni o‘rnatish yo‘llarda piyodalar va yo‘lovchilar xavfsizligini kafolatlaydimi?
So‘rov «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq yuborilgan bo‘lib, shahar hokimligidan asoslantirilgan javob kutilayotgani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida bir hafta avval o‘rnatilgan yo‘nalishlarni ajratuvchi panjaralar qayta olib tashlangani haqida xabar bergan edik.
Manbalarga ko‘ra, to‘siqlar belgilangan texnik talablarga javob bermagani uchun vaqtincha olib tashlangan. Ma’lum bo‘lishicha, panjaralar zarur balandlikdan past bo‘lib chiqqan. Shu sababli ular qayta ishlanib, yana o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Temir panjaralar nega o‘rnatilyapti?
Ma’lumotlarga ko‘ra, temir panjaralar Toshkent shahri ko‘cha va yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash va piyodalar bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida o‘rnatilmoqda. Eng qiziq jihati shundaki, 2017-2018 yillarda ayni shu sabab bilan temir to‘siqlar olib tashlangan edi.
2025 yil may oyida Toshkent shahar hokimi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan temir panjaralar o‘rnatish uchun 6,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
2017 yilda Toshkent shahar ma’muriyati yirik ko‘chalar o‘rtasiga o‘rnatilgan metall to‘siqlar, ayniqsa piyodalar o‘tish joylari va chorrahalar atrofida, haydovchilar uchun ko‘rinishni cheklayotganini ochiq tan olgan. Keyinchalik, 2018 yilda YHXB ham rasmiy bayonot berib, 30 ta ko‘chadagi to‘siqlar harakat xavfsizligini oshirmagani, aksincha, haydovchilar va piyodalar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirganini qayd etgan.
O‘tgan yilda esa Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ko‘chalar o‘rtasiga yashil va boshqa rangdagi to‘rli panjara o‘rnatishni boshlagan. Boshqarma esa bunga yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va piyodalar oqimini tartibga solingan, kesib o‘tish uchun mo‘ljallangan joylarga yo‘naltirish maqsadida o‘rnatilayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.





