Korxonalar uchun elektr va gaz uchun avans 15 foizga tushiriladi
ASKUE va ASKUG tizimiga ulangan, to‘lov intizomini buzmagan korxonalar elektr energiyasi va gaz uchun endi 15 foiz oldindan to‘lov qiladi. Shuningdek, “10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor” dasturi doirasida AI texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining yarmi kompensatsiya qilinadi.
© Prezident matbuot xizmatiKo‘plab tadbirkorlar elektr energiyasi va gaz uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilish talabi aylanma mablag‘larini qisqartirayotganini bildirgan. Bu haqda Prezident Xorazmda o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan, endilikda ASKUE va ASKUG tizimlariga ulangan hamda to‘lov intizomini buzmagan korxonalar uchun elektr va gaz bo‘yicha avans to‘lovi 15 foiz etib belgilanadi.
Prezident energetika sohasidagi boshqaruv tizimi ham tubdan o‘zgartirilayotganini ta’kidladi.
“Barcha tumanlarda tadbirkorlarning hozirgi ehtiyoji va ertangi rejasiga qarab ishlaydigan yangi tizim bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.
Qurilishda pudratchi va loyihachilar uchun yangi yondashuv
Kelasi yildan qurilish sohasida pudratchi va loyihachi tashkilotlarning o‘sishini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi yondashuv joriy etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, qurilish qayerda amalga oshirilishidan qat’i nazar, har bir ishchi-soat uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi.
Shuningdek, davlat obyektlari smetasida:
● pudrat korxonalari uchun 7 foiz foyda nazarda tutiladi;
● qurilishning murakkabligiga qarab, loyihalash ishlari uchun obyekt qiymatining 4–7 foizigacha mablag‘ ajratiladi.
Zamonaviy boshqaruv va AI talab hamda daromadni oshirmoqda
Prezident uchinchi yo‘nalish sifatida “sun’iy intellekt — boshqaruv samaradorligi — yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish vazifasini belgiladi.
Tahlillarga ko‘ra, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellekt yondashuvlarini joriy qilgan tadbirkorlarning 54 foizida mahsulotga talab keskin oshgan.
Korxonalarning 25 foizida tannarx kamaygan, 40 foizida esa daromad o‘sishi hisobiga ishchilarning oyligi 10 foizdan ko‘proqqa oshgan.
“Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniqi”, — dedi Prezident.
Birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi. Kelasi yili uning quvvatini 3 karra oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlar uchun “10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor” dasturi boshlanadi.
Dastur doirasida korxonalarga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Yangi mahsulot uchun sun’iy intellekt modelini yaratishda tadbirkorlarga superkompyuterdan bepul foydalanish imkoniyati beriladi. Ilmiy-tadqiqot xarajatlarini ham budjet hisobidan qoplash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlar foydalanishi uchun tayyor sun’iy intellekt dasturlari ochiq platformaga joylashtiriladi.
Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratiladi.
To‘qimachilik tajribasi boshqa tarmoqlarga ham tatbiq etiladi
Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha to‘qimachilik sanoatidagi tajribani elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati korxonalariga ham tatbiq etish rejalashtirilgan.
Ushbu tarmoqlardagi korxonalarda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
Shu tariqa, tadbirkorlar uchun energiya to‘lovlaridagi avans yukini kamaytirish, qurilish sohasida pudratchi va loyihachilar faoliyatini rag‘batlantirish hamda sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etishga qaratilgan yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy qilinadi.





