Logo

Mirziyoyev Trampga maxsus sovg‘a yubordi

Toshkentdan Vashingtonga yuborilgan ikki shiypon Tramp rejalashtirayotgan bog‘ga qo‘yiladi.

Mirziyoyev Trampga maxsus sovg‘a yubordi © Foto: nytimes.com

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donald Trampga an’anaviy o‘zbek shiyponlarini sovg‘a qildi.

«New York Times»ga ko‘ra, Toshkentdan yuborilgan ikki shiypon Vashingtonda Tramp rejalashtirayotgan Amerika Qahramonlari milliy bog‘i joylashadigan G‘arbiy Potomak parkiga o‘rnatiladi.

Nashr ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda park hududida Toshkent pochta yorliqlari tushirilgan yirik qutilarni tashiyotgan yuk mashinalari ko‘ringan. Shiyponlar Markaziy Osiyoga xos murakkab yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan.

AQSH Ichki ishlar departamentining aloqa bo‘yicha direktori Keti Martin ushbu sovg‘ani tasdiqlagan.

«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev an’anaviy o‘zbek shiyponlarini Prezident Donald Trampga saxiylik bilan hadya qildi va u ularni Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi nomidan qabul qilib oldi», — dedi u.

Vashingtondagi ramziy sovg‘a

Keti Martinning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbiy Potomak parkiga tashrif buyuruvchilar kuz oxirida «nozik did bilan yasalgan» shiyponlardan bahramand bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqov ham ijtimoiy tarmoqda shiyponlar Amerika Qahramonlari bog‘ining bir qismiga aylanayotganini qayd etdi.

«O‘zbek san’ati Vashingtondagi Amerika Qahramonlari bog‘ining bir qismiga aylanganidan faxrlanaman.

O‘zbekiston Prezidentining AQSH Prezidenti va Amerika xalqiga tuhfasi bo‘lgan ikkita an’anaviy o‘zbek shiyponi do‘stligimiz va strategik sherikligimiz ramzi bo‘lib xizmat qiladi», — dedi u.

Savdo aloqalari kengaymoqda

«NYT» nashrining qayd etishicha, iyun oyida AQSH va O‘zbekiston savdo va investitsiya shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirgan. O‘zbekiston AQSHning ko‘plab sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun tariflarni bekor qilish yoki kamaytirish majburiyatini olgan. O‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlari uchun tarif choralarida «qulaylik yaratish»ga va’da bergan.

O‘tgan yili Tramp va Mirziyoyev 32 milliard dollarlik ikki tomonlama tijorat shartnomalarini e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, AQSH O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini ham qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Shavkat Mirziyoyev haqida «yuksak hurmatga sazovor» degan va uni 8 milliard dollarlik «Boeing» samolyotlarini sotib olgani bilan tabriklagan.

Teglar

Mavzuga oid