Logo

Mirziyoyev yirik davlat korxonalaridagi kamchiliklarni ochiqladi

Bugun 17:102 daqiqa

Prezident strategik korxonalarda tannarxning oshib borishi, energetikadagi katta yo‘qotishlar va boshqaruvdagi kamchiliklarni tanqid qildi. Ayrim kompaniyalarda esa bozor qiymatini bir necha barobar oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Mirziyoyev yirik davlat korxonalaridagi kamchiliklarni ochiqladi © Foto: Наманган вилоят ҳокимлиги

21-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik yakunlari hamda yil oxirigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda strategik davlat korxonalari faoliyati samaradorligi alohida tahlil qilindi. Qayd etilishicha, oldin tarmoqlar umumiy xarajatlarni foizda qisqartirib, tannarx kamaygani haqida hisobot berilgan. Bir birlik mahsulot tannarxi bo‘yicha tahlil esa haqiqiy holatni ochib bergani ta’kidlandi.

Xususan, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati»da bir unsiya oltin ishlab chiqarish tannarxi 8,2 foizga oshgan. Korxonaning umumiy xarajatlari esa o‘tgan yilga nisbatan 6,2 trillion so‘mga yoki 22 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, «O‘zbekiston metallurgiya kombinati»da po‘lat sharlar tannarxi 5,4 foizga, «O‘zkimyosanoat»da karbamid ishlab chiqarish tannarxi 11,1 foizga, ammiakli selitra tannarxi esa 8,3 foizga oshgani ma’lum qilindi.

Bozor qiymati imkoniyati

Yig‘ilishda «Franklin Templeton» kompaniyasi IPOga chiqishi rejalashtirilgan 13 ta yirik davlat kompaniyasini tahlil qilgani ma’lum qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, «Uzbekistan Airways»da marshrutlarning samarasiz rejalashtirilishi, reyslar orasidagi uzoq tanaffuslar, parvozlarning kechikishi hamda keytering va texnik xizmat ko‘rsatishda raqobatning yo‘qligi sabab yiliga 120 million dollar daromad boy berilmoqda.

Shu bilan birga, «Franklin Templeton» hisob-kitoblariga ko‘ra, «Hududiy elektr tarmoqlari»ning bozor qiymatini ikki barobarga, «Uzbekistan Airways»nikini 40 foizga va «O‘zbektelekom»nikini esa 50 foizga oshirish imkoniyati mavjud.

Energetika muammosi

Prezident yig‘ilishda energetika infratuzilmasini rivojlantirish uchun kelgusi o‘n yilda 8 milliard dollar investitsiya talab etilishini qayd etdi. Biroq mavjud tarmoqlarda yo‘qotishlarni qisqartirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emasligi tanqid qilindi.

Ma’lum qilinishicha, yilning birinchi yarmida elektr energiyasidagi yo‘qotishlar 17,2 foizni yoki 4,8 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan. Gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlar esa 7,6 foizga, ya’ni 797 million kub metrga yetgan.

Shuningdek, hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo‘shni davlatlarga nisbatan 1,5–2 barobar pastligi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid