Mobil operatorlarga internetsiz tarif taklif qilish majburiy bo‘lishi mumkin

Bugun 11:252 daqiqa

Adliya vazirligi yangi qaror loyihasini e’lon qildi: unga ko‘ra mobil operatorlar internetsiz tariflarni ham joriy etishi shart bo‘lishi mumkin.

Mobil operatorlarga internetsiz tarif taklif qilish majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatlari bozorida iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yangi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi. Tashabbus Adliya vazirligi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u abonentlar uchun tarif tanlovini kengaytirishni maqsad qiladi.

Qonun haqida

Loyihaga muvofiq, mobil operatorlar faqat qo‘ng‘iroq daqiqalari va SMS xabarlardan iborat internetsiz tarif rejalarini ham majburiy tarzda taklif qilishi kerak bo‘ladi. Bu orqali internetdan foydalanmaydigan fuqarolar uchun qulay va arzon variantlar yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, loyihada tarif nomlanishiga ham o‘zgartish kiritish taklif qilingan. Unga ko‘ra, operatorlar tariflarni abonent to‘lovi yoki xizmat hajmiga bog‘lab nomlamasligi kerak. Chunki bunday amaliyot iste’molchilarni chalg‘itib, keyinchalik narx oshirilishi orqali ortiqcha xarajatlarga olib kelishi mumkin.

Qaror loyihasi 2026 yil 31-mart kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Fuqarolar va mutaxassislar o‘z fikr va takliflarini bildirish imkoniyatiga ega. Hujjat qabul qilingan taqdirda, bozordagi tarif siyosati va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda muhim o‘zgarishlar kutilmoqda. Hozirda O‘zbekistonda hech bir mobil aloqa operatori bunday tarif rejalarini taklif etmaydi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur qonun loyihasiga munosabat bildirib, so‘nggi yillarda mobil operatorlar tarif siyosatini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, kompaniyalar ko‘p hollarda iste’molchilar amalda foydalanmaydigan yoki foydalanishga ulgurmaydigan internet trafik hajmini sun’iy ravishda oshirib, shu orqali tariflarni muntazam qimmatlashtirish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan.

Bakirovning fikricha, bu holat allaqachon uyali aloqa bozorida «odatiy mexanizm»ga aylangan bo‘lib, unga qarshi na Raqobat qo‘mitasi, na hukumat tomonidan yetarli ta’sirchan choralar ko‘rilmagan. Natijada, iste’molchilar manfaatlari yetarli darajada himoya qilinmay qolmoqda.

«Ochig‘i, Adliya vazirligi taklif etayotgan loyiha ma’qullanib kuchga kirishi ehtimolini yuqori deb bo‘lmaydi. Lekin iste’molchilar, jamoatchilik, OAV jim turmay, bu taklifni faol qo‘llab-quvvatlashi kerak», — deydi Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda mobil operatorlar va boshqa xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar, tovar aylanmasi va ularga berilgan imtiyozlar miqdori haqida ma’lumot bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid