Neft narxi: «JPMorgan» 150 dollargacha o‘sishni prognoz qildi
«JPMorgan» tahlilchilari neft narxi Ho‘rmuz bo‘g‘ozida uzilishlar bo‘lsa 150 dollargacha ko‘tarilishi mumkinligini aytdi.

Yaqin muddatda neft narxlari bir barrel uchun 120–130 dollargacha ko‘tarilishi mumkin, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishdagi uzilishlar may oyining o‘rtalarigacha davom etsa, 150 dollardan ham oshishi ehtimol, deb hisoblaydi «JPMorgan» tahlilchilari.
Bankning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, dunyo energetika eksportining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakat muzokaralar yo‘li bilan tiklanadi. Bunday holda, «JPMorgan» prognoziga ko‘ra, neft narxlari yilning ikkinchi choragi davomida barreliga 100 dollardan yuqori bo‘lib qoladi. Yilning ikkinchi yarmida esa bo‘g‘oz orqali harakat qisman tiklanishi va zaxiralar asta-sekin normallashishi natijasida narxlar pasayishi kutilmoqda.
Ehtimoliy retsessiya xavfi
Bank tahlilchilari ta’kidlashicha, neft narxlarining o‘sish ko‘lami va davomiyligi makroiqtisodiy shokning kuchini belgilaydi: narxlar qancha uzoq yuqori saqlansa, talabning susayishi va ehtimoliy retsessiya xavfi shuncha ortadi.
Eng katta kunlik o‘sish
Iyun oyi uchun «Brent» neft fyucherslari 2-aprel kuni qariyb 8 foizga oshib, barreli 109,2 dollarga yetdi, may oyi uchun AQSHning «WTI» nefti bo‘yicha kontraktlar esa qariyb 12 foizga ko‘tarilib, 112 dollarga chiqdi. «The Wall Street Journal» hisob-kitobiga ko‘ra, bu so‘nggi 6 yil ichida, koronavirus pandemiyasi davridagi qulaganidan keyingi tiklanishdan beri eng katta kunlik o‘sish bo‘ldi. Shu bilan birga, bu tarixda fyucherslar bir savdo sessiyasida 10 dollardan ko‘proq qimmatlashgan uchinchi holat hisoblanadi.
Neft kompaniyalari rahbarlari va tahlilchilar fyucherslar yanada ko‘proq o‘sishi kerakligini, shundagina ular real bozor qiymatini aks ettira boshlashini ta’kidlamoqda. Spot bozorlarda esa narxlar 2008-yildan beri eng yuqori darajaga chiqqan.
Kechagi rallining sababi AQSH prezidenti Doanld Trampning so‘zlari bo‘ldi. U 1-aprel kechqurungi bayonotida Eronga qarshi harbiy harakatlar kelasi 2–3 hafta ichida yana kuchayishini aytgan. Bu Yaqin Sharqdagi urush yaqin vaqtda tugashi haqidagi umidlarni yo‘qqa chiqardi, deb yozadi «CNBC». Shu bilan birga, «IRNA» davlat agentligi xabar berishicha, Tehron Ummon bilan hamkorlikda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini nazorat qilish mexanizmini ishlab chiqmoqda degan xabardan keyin kotirovkalar kun ichidagi maksimumlardan biroz pasaydi.





