Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xalqaro muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritdi
Bu sertifikat butun dunyoda tan olingan oliy andoza bo‘lib, 32 ta eng qat’iy xalqaro mezon va tizimli xavflarni xolis audit qilish orqali taqdim etiladi. Xorijiy investorlar esa investitsiya kiritish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik transmilliy shartnomalar imzolashda asosiy talab sifatida aynan mana shu sertifikatni so‘raydi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi muvaffaqiyatli sertifikatlashtirildi va natijada korxona navbatdagi yirik xalqaro yutuqni qo‘lga kiritdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi — tashkilotlarda poraxo‘rlik xavflarining oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (IAF) tomonidan ishlab chiqilgan eng nufuzli jahon standarti hisoblanadi. Ushbu xalqaro muvofiqlik sertifikatining yangi 2025-yildagi tahriri kombinatga topshirildi. Kompamiya rasmiylarining aytishicha, bu voqea korxona tarixida shaffoflik, qonun ustuvorligi va xalqaro ishonchning yangi davrini boshlab beradi.
Bugungi kunda London metall birjasi — Copper Mark va Yevropa Ittifoqi bozorlari tizimida shaffoflik va komplayens nazorati tizimi joriy qilingan kompaniya va tashkilotlar o‘z mahsulotlarini realizatsiya qilishda alohida ustuvorlikka ega bo‘ladi.

«Shu bois yangi tahrirdagi xalqaro sertifikat OKMK mahsulotlarining dunyo bozoridagi raqobatbardoshligini karrasiga oshirib, xalqaro bozorlarga to‘siqsiz chiqish imkonini kengaytiradi. Xalqaro investorlar va yirik transmilliy banklar korrupsiya xavflari minimallashtirilgan korxonalarga katta hajmdagi imtiyozli kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni xavfsiz ajratadi», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, ISO 37001:2025 standarti tizimining kombinatda mavjudligi global ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv ko‘rsatkichlarida OKMKning bahosini keskin yuqoriga ko‘taradi. Ichki tizimda esa korxonaning barcha bo‘g‘inlarida moliyaviy xavflar qat’iy nazoratga olinganini anglatadi, ochiqlik indeksi mustahkamlanadi.

Ma’lumot uchun, bu sertifikat butun dunyoda tan olingan oliy andoza bo‘lib, 32 ta eng qat’iy xalqaro mezon va tizimli xavflarni xolis audit qilish orqali taqdim etiladi. Ichki reytinglar milliy agentliklar tomonidan masofaviy yoki ichki baholash asosida shakllantirilsa, ISO standarti mustaqil xalqaro auditorlik tashkilotlari tomonidan joyiga chiqqan holda, ikki bosqichli qat’iy audit natijasiga qarab taqdim etiladi.
Eng muhimi esa, xorijiy investorlar uchun milliy reyting shunchaki lokal ma’lumot hisoblansa, yangi tahrirdagi ushbu xalqaro sertifikat investitsiya kiritish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik transmilliy shartnomalar imzolashda asosiy talab sifatida so‘raladi.
Reklama





