add

Oltin narxi 2026 yil oxirigacha 4800 dollarga yetishi mumkin

07.01.2026 | 08:382 daqiqa

«Morgan Stanley» prognoziga ko‘ra, 2026 yil to‘rtinchi choragigacha oltin narxi 4800 dollarga yetishi mumkin, bu investorlarning himoya aktivlariga qiziqishi oshganini ko‘rsatadi.

Oltin narxi 2026 yil oxirigacha 4800 dollarga yetishi mumkin

«Reuters» agentligi «Morgan Stanley» tahlilchilariga asoslanib, oltin narxi 2026 yil to‘rtinchi choragiga borib bir troya unsiyasi uchun 4800 dollarga yetishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu prognoz 5-yanvardagi savdolar yopilishiga nisbatan yana qariyb 8 foiz o‘sishni anglatadi. Bankning baholashicha, qimmatbaho metallga bo‘lgan qiziqish o‘rta muddatda ham saqlanib qoladi.

Prognozning asosiy omillari sifatida AQSHda foiz stavkalarining pasayishi, Federal zaxira tizimi rahbariyatida kutilgan o‘zgarishlar, shuningdek, markaziy banklar va yirik investitsiya fondlarining oltin xaridlarini ko‘rsatish mumkin. Past stavkalar sharoitida foiz daromadi keltirmaydigan aktiv sifatida oltinning raqobatbardoshligi oshadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, geosiyosiy xavflar ham talabni qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, AQSHning Venesueladagi harbiy operatsiyasi va mamlakat prezidenti Nikolas Maduroning hibsga olinishi bozordagi noaniqlikni kuchaytirdi. «Morgan Stanley» bu omilni asosiy sabab sifatida alohida ajratmasa-da, oltinga himoya aktivi sifatida qiziqishni oshirishi mumkinligini istisno etmaydi.

Ayni paytda oltinning tarixiy rekordi 4549,92 dollar bo‘lib, u 26-dekabr kuni qayd etilgan. Keyinchalik narx biroz pasayib, 6-yanvar holatiga ko‘ra 4467,73 dollar atrofida shakllandi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra esa oltin 64 foizga qimmatlashib, 1979 yildan beri eng yuqori yillik o‘sishni ko‘rsatdi.

Qimmatbaho metallar orasida «Morgan Stanley» alyuminiy va misni ham istiqbolli deb hisoblamoqda. Bu metallar bo‘yicha taklifdagi cheklovlar va global talabning o‘sishi narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin. Shu bois, 2026 yilda xomashyo bozorlarida yuqori o‘zgaruvchanlik saqlanib qolishi kutilmoqda.

Avvalroq 2030 yilgacha O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish 175 tonnaga yetkazilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid